Bugun xalqaro hamjamiyatning nigohi 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan, desak, aslo yanglishmaymiz. Xalqaro ekspertlar tomonidan qayd etilishicha, Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘undir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tuzilmalari vakolatxonalari rahbarlari ushbu dasturilamal hujjatning mamlakat kelajagi uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlamoqda.
Stefan Prisner, BMTning mamlakatdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi:
“BMTning O‘zbekistondagi tuzilmalari mamlakatingizning yangi taraqqiyot dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar O‘zbekistonning bugungi rivojlanish bosqichida juda dolzarb sanaladi. Unda ma’muriy, sud-huquq, iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy sohani rivojlantirish, shuningdek, yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va millatlararo bag‘rikenglik ruhida tashqi siyosat olib borish ko‘zda tutilgan. Unda belgilangan ko‘plab vazifalar BMTning 2016–2020-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyotga ko‘maklashuvchi doiraviy dasturiga muvofiq BMT tuzilmalarining mamlakatingiz bilan hamkorligining ustuvor yo‘nalishlariga hamohangdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mamlakat guruhi Harakat dasturi ishlab chiqilayotgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari asosidagi global taraqqiyot dasturi hamda xalqaro huquqiy asoslar, shuningdek, hamkorlikning joriy va istiqboldagi yo‘nalishlarini hisobga olgan holda, o‘z tavsiyalarini berdi. Shuni ishonch bilan ta’kidlamoqchimanki, BMT Taraqqiyot dasturi va BMT agentliklarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari bundan keyin ham mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishga, shu jumladan, Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor”.
Krista Pikkat, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
“Mamlakat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi e’tirofga loyiq. Ushbu hujjatning jamoatchilik muhokamasi tashkil qilingani manfaatdor tomonlarga, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlariga muhokamalarda ishtirok etish va respublika kelajak taraqqiyoti yo‘li bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirish imkonini berdi. Bunday jarayon xalqning dilidagi gaplarni eshitish, o‘z kelajagini belgilashda ishtirokini ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonda 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan bir davrda yanada ahamiyatlidir.
YuNESKO Harakatlar strategiyasini tushuntirish va targ‘ib qilishda OAVning faol rol o‘ynashini qayd etadi. Shubhasiz, jurnalistlar chuqur tahliliy materiallari bilan davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.
Harakatlar strategiyasi maqsadlari mamlakatning kelajak taraqqiyotini belgilab beradi. Ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga e’tibor qaratilayotgani, ta’lim sifatini oshirishga urg‘u berilayotgani, qonun ustuvorligini, millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlash asosiy maqsad sifatida belgilangani diqqatga sazovordir. Bu Barqaror rivojlanish maqsadlarining ilg‘or g‘oyalariga tayangan holda, inson manfaatlarini ta’minlashning muhim omili sanaladi.
Strategiya doirasida YuNESKO ta’lim sifatini yanada oshirishga, OAV mas’uliyatini yuksaltirishga, mamlakatning madaniy va tabiiy merosini saqlashga ko‘maklashishi mumkin. Tashkilotimiz o‘z tajribasi, ilg‘or xalqaro amaliyot bilan O‘zbekistonning barqaror kelajagini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”.
Sasha Graumann, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
“BMT Bolalar jamg‘armasi 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinishini alohida e’tirof etadi. Eng muhimi, Harakatlar strategiyasini ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, OAV, xalqaro tashkilotlar ishtiroki uchun barcha sharoit yaratildi, uni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar inobatga olindi.
YuNISEF xalqaro ekspertlik ko‘magi, ilg‘or tajriba va amaliyot bilan O‘zbekistonda onalar hamda bolalar huquqlarini inobatga olgan holda islohotlar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, YuNISEF sud-huquq sohasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar doirasida xalqaro qoidalar va standartlarni implementatsiya qilish masalalarida mamlakatingiz hukumati bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan. Sudlarning ixtisoslashishi hamda xodimlar salohiyati oshirilishi “bolalarga do‘stona” sud tizimini yaratishga xizmat qiladi. Bu esa odil sudlov jarayonida zarur ko‘mak berishda qo‘l keladi.
BMT Bolalar jamg‘armasi davlat tashkilotlari va NTT bilan hamkorlikda bolalar huquqlariga daxldor masalalarda o‘z faoliyatini davom ettiradi. 2013-yili BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonga o‘z takliflarini bergan edi, YuNISEF ushbu tavsiyalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning uchinchi fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega. Biz Harakatlar strategiyasini samarali ro‘yobga chiqarishda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz”.
Miyeko Yabuta, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
“Yaqinda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining mamlakatni ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan jadal rivojlantirishga bo‘lgan intilishining yaqqol ifodasidir. Bu asosiy maqsad sari, ya’ni 2030-yilda aholi jon boshiga daromadi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olish yo‘lidagi muhim qadamdir. Harakatlar strategiyasi muhokamasi jamiyat hayotining barcha jabhasida islohotlarni yanada chuqurlashtirishga odamlar katta ishtiyoq bilan qarayotganini ko‘rsatdi. Bahs-munozaralar Harakatlar strategiyasini yanada boyitishga, unda odamlarning ehtiyojlarini aks ettirishga xizmat qildi. BMT agentliklari ham muhokamalarda faol qatnashdi. Bunday hamkorlik kelajakda ham izchil davom ettiriladi. Bu bizga bugungi kun talablariga javob beradigan davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shish imkonini beradi.
Tashkilotimizning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, xotin-qizlar hamda yoshlar farovonligi, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, aholining reproduktiv salomatligini ta’minlash Harakatlar strategiyasining eng muhim yo‘nalishlari sifatida belgilangani quvonarlidir. Ushbu hujjat onalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish darajasida reproduktiv salomatlikka e’tibor qaratish, tibbiy xizmat sifati va undan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutadi. Aynan mana shu sohalarda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi katta tajribaga ega. Biz ushbu tajribamiz bilan o‘rtoqlashishga hozirmiz.
Biz O‘zbekiston hukumati, jamoat tashkilotlari bilan xalqingiz hayot darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasining to‘liq amalga oshirilishida baqamti ishlashga tayyormiz”.
Dinara Chirkova yozib oldi
Izoh (0)