O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov to‘p surayotgan Xitoyning “Shanxay SIPG” klubi uchinchi rasmiy o‘yinidagi uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Chempionlar ligasi guruh bosqichining 2-turida Avstraliyaning “Vestrn Sindey” klubini qabul qilgan shanxaylik futbolchilar 5:1 hisobida zafar quchdi.
Bellashuv taqdiri dastlabki yarim soatlikdayoq hal bo‘lib ulgurdi. Odil Ahmedov doimgidek o‘yinni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazgan bo‘lsa, birin-ketin braziliyalik legionerlar — Xalk, Oskar va Elkesen gol urib, yashil qit’a klubini qiyin ahvolda qoldirdi.
Qayd etish kerak, “Shanxay SIPG” ilk turni “Seul” maydonida o‘tkazib, Xalkning yagona goli evaziga zafar quchgandi. Pley-offda esa Tailand klubini 3:0 hisobida taslim qilgandi.
Guruhda “Urava Red” klubi ham 6 ochko to‘plagan bo‘lib, to‘plar nisbatiga ko‘ra peshqadamlik qilmoqda. Yaponiyaliklar ilk turda Avstraliyadan 4:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, 2-turda “Seul”ni 5:2 hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi.
Osiyo Chempionlar ligasi “G” guruhi. 2-tur 28-fevral, seshanba
Izoh (0)