Kreml Yaponiya OAVlari tarqatgan Kuril orollarining vaqtinchalik foydalanish uchun Tokioga berilishi haqidagi axborotni rad etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Mazkur axborotning qayerdan paydo bo‘lgani noma’lum. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Avvalroq Kuril orollarining janubiy qismida Rossiya va Yaponiyaning o‘zaro hamkorlikda iqtisodiy faoliyat yuritish bo‘yicha rasmiy maslahatlashuvlar mart oyida Tokioda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan edi.
Bu hafta Yaponiya tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida Kuril orollarining janubiy qismida Rossiya bilan hamkorlikda iqtisodiy faoliyat yuritish masalalari bo‘yicha kengash tuzilganini e’lon qildi.
O‘z navbatida, Kisida kengashning tuzilishi yaqin orada Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening Rossiyaga tashrifi uchun zamin hozirlashini ham ta’kidlab o‘tgan edi.
Rossiyaning Uzoq Sharqni rivojlantirish bo‘yicha vaziri Aleksandr Galushka ham uning idorasi maslahatlashuvlar uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini tasdiqlagan.
2016-yil dekabrida Vladimir Putinning Yaponiyaga tashrifi doirasida ikki tomon Janubiy Kuril orollarida birgalikda xo‘jalik faoliyatini yuritish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlashga kelishib olgani xabar qilingan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)