Bugun eklerni har bir o‘zini hurmat qiluvchi qandolatchilik do‘konida uchratish mumkin. Uni tayyorlash retseptlari bir-biridan unchalik farq qilmasa ham, ta’m va ko‘rinish jihatdan turli-tumandir.
Shokoladli glazurga ega fransuzcha ekler tayyorlab, yaqinlaringizni xursand qilishni istasangiz, quyidagi retsept aynan siz uchundir!
Kerakli masalliqlar:
Xamiri uchun: 4 dona tuxum, 150 gramm un, 100 gramm sariyog‘, 240 gramm suv yoki sut, bir chimdim tuz, 1 choy qoshiq shakar.Kremi uchun: 0,4 litr sut, 80 gramm shakar, 2 ta tuxum sarig‘i, bir chimdim vanilin, 1,5 osh qoshiq kraxmal, 1,5 osh qoshiq un.
Tayyorlanishi:
Kastryulkaga sutni qo‘yib, unga sariyog‘ va bir chimdim tuz qo‘shamiz. Sariyog‘ni yaxshilab eritib, elangan un qo‘shamiz va tinmay aralashtirib turamiz. Aralashmani qaynatib, olovdan olamiz va xona haroratigacha sovutamiz.Tuxumni bittadan qo‘shib, aralashtirishda davom etamiz.
Yaxshilab aralashtirgandan so‘ng, xamirdan konditer qopchasi yoki shprits yordamida uzunligi 10—15 santimetrlik tasmalar hosil qilamiz. Bunda iliq suvda ho‘llangan oddiy qoshiqdan ham foydalanish mumkin. Tasmalar orasida 5 santimetr joy qoldirish lozim.
Duxovkani 220 darajagacha qizdiramiz. Eklerlarni birinchi 10 daqiqa shu haroratda, keyingi 10—15 daqiqada esa 190 darajada pishirish kerak. Xamir kuyib ketmasligi uchun ehtiyot bo‘lish talab etiladi.
Qaynatma kremni tayyorlash uchun tuxum sarig‘ini shakar va vanilin bilan aralashtirib, sut, un va kraxmal qo‘shamiz. Bir xil shaklga kirguncha yaxshilab aralashtiriladi.
Maksimal quvvatda ishlayotgan mikroto‘lqinli pechga 3—5 daqiqaga solamiz. Har daqiqada uni chiqarib, yaxshilab aralashtirish kerak bo‘ladi.
Tayyor eklerlarda teshikcha ochib, ularni krem bilan to‘ldiramiz. Suv bug‘ida yoki mikroto‘lqinli pechda shokoladni eritib, eklerlarni glazur bilan qoplaymiz.
Fransuzcha ekler tayyor, yoqimli ishtaha!
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)