O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy veb-saytida virtual qabulxona ochildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qabulxona sohada faoliyat yurituvchilarning murojaat, shikoyat va takliflari bilan tanishish, ularga yechim topish hamda aholini qiziqtirgan savollarga javob berishda yengillik va qulayliklar yaratadi.
Endilikda saytga kirib, maxsus shaklni to‘ldirish orqali Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga savollar, ariza va shikoyatlar, turizm sohasini yanada rivojlantirishga doir takliflar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish mumkin.
Onlayn murojaatlarda elektron raqamli imzo talab qilinmaydi. Sayt orqali onlayn murojaat yuborish shakli hamma uchun tushunarli va sodda tuzilgan. Murojaatlar o‘z vaqtida hamda ijobiy ko‘rib chiqilishi uchun har bir masala alohida va tushunarli tarzda yo‘llanishi maqsadga muvofiqdir. Saytda murojaat natijasini (javob berilgan-berilmaganini) tekshirish imkoni mavjud. Qo‘mitaning (+998 71) 233-90-28 raqamli “ishonch telefoni” hamda elektron pochta manziliga ham murojaat qilish mumkin.
Ayni vaqtda qo‘mitada murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.
Izoh (0)