Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jarrohlik bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Binoning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari O. Hamroyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri D. Hojiyev va boshqalar aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, davolash-profilaktika muassasalari, jumladan, tuman tibbiyot birlashmalari, qishloq vrachlik punktlarini yangidan qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Investitsiya dasturiga ko‘ra 2016-yilning fevral oyida qurilishi boshlangan jarrohlik bo‘limi binosi “Sho‘raxon qurilish-montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bunyod etildi.
To‘rt qavatli va 165 o‘ringa mo‘ljallangan yangi shifo maskanida jarrohlik bloki, neyroxirurgiya, jarohat oqibatlari va ortopediya, ko‘krak qafasi va qon tomirlari jarrohligi, otolaringologiya va yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limlari joylashgan. Zamonaviy jihozlangan binoda bemor va shifokorlar uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Salomatlik-3” loyihasi asosida keltirilgan 6 dona “Nissan” tez yordam mashinasi Amudaryo, To‘rtko‘l, Qanliko‘l, Chimboy va Taxtako‘pir tumanlari tibbiyot birlashmalariga topshirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q. Sariyev so‘zga chiqdi.
Izoh (0)