15-dekabr kuni Toshkentdagi Next savdo-ko‘ngilochar majmuasining Ice Rink muz maydonida bolalar o‘rtasida shaybali xokkey bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tadi. Unda 60 ga yaqin yosh sportchi — shu yerdagi xokkey sessiyasi tarbiyalanuvchilari hamda “Binokor” xokkey klubi o‘yinchilari ishtirok etadi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Musobaqa to‘rt yosh kategoriyasida o‘tkaziladi: kichik (4–6 yosh), o‘rta (7–9 va 10−12 yosh) hamda katta (13 yoshdan yuqori). Har bir o‘yin 15 daqiqalik uch raunddan iborat bo‘ladi, ularning orasidagi tanaffus esa 5 daqiqani tashkil etadi.
Turnirning kirish qismida yoshlar ijodiy jamoalari chiqishlari hamda yosh tomoshabinlar uchun turli tanlovlar bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar yakuniga ko‘ra g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tadi.
Musobaqa soat 10:00 dan 13:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi. Kirish bepul.