O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24-yilligi arafasida Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani Shohimardon qishlog‘ida yangi shifoxona foydalanishga topshirildi, deb yozadi O‘zA.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonda aholi, xususan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi shifo maskanlari barpo etish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida O‘zbekistonning chekka hududlarida ham zamonaviy tibbiyot maskanlari barpo etilib, aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Shohimardon qishlog‘ida ish boshlagan salomatlik maskanida ham qishloq ahli uchun ana shunday imkoniyat yaratildi.
“Shifoxonamizda shoshilinch yordam, jarrohlik, ichki kasalliklar, tug‘ruq bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi bo‘limlar eng zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlangani kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va samarali davolashda muhim ahamiyat kasb etadi”, — deydi bosh shifokor D.Toshboltayeva.
Tez tibbiy yordam hamda patronaj xizmati sifatini yanada yaxshilash maqsadida shifoxonaga Damas va Matiz avtomobillari topshirildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)