Kanzas shtati davlat kotibi Kris Kobax AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Tramp bilan fotosessiya chog‘ida jurnalistlarga adashib muhojirlar bilan ishlash islohotlari rejasining birinchi sahifasini ko‘rsatdi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Trampning Kobax bilan uchrashuvi milliarderning Nyu-Jersidagi Bedminster golf-klubida bo‘lib o‘tdi. Suhbatdan oldin siyosatchilar birgalikda suratga tushdi.
Davlat kotibi uchrashuv uchun tayyorlab qo‘yilgan bir qancha hujjatlarni yig‘ishtirishni unutdi, varaqlardan biridagi yozuvni bir jurnalist suratga oldi.
Hujjatda “Kobaxning AQSh ichki xavfsizlik vazirligiga dastlabki 365 kun uchun strategik rejasi” deb yozilgan. Uning birinchi fasli esa “Potensial terrorchilarning mamlakatga kirishi uchun to‘siq” deb ataladi.
Birinchi punktda Kobax AQShda “xatarli zonalar”dan kelgan muhojirlarni ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini qaytadan kiritishni taklif etadi. Ushbu tizim NSEERS (Kirayotgan va chiqayotganlarni ro‘yxatga olishning milliy tizimi) deb ataladi. Ushbu tizimni Kobaxning o‘zi 2001-yil 11-sentabridan so‘ng taklif qilgan edi. U mamlakatda 2002–2005-yillarda amal qilgan edi.
Ikkinchi punktda Kobax xavfli hududlardan kelayotgan muhojirlarga “qaltisroq” savollar berishni tavsiya qiladi. Jumladan, ularning shariatga, jihodga, jinsiy tenglikka va AQSh konstitutsiyasiga bo‘lgan munosabatini o‘rganish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, siyosatchi 1980-yilgi aktdan foydalangan holda suriyalik muhojirlar uchun mamlakatga yo‘lni yopib qo‘yishni maslahat beradi.
Ikkinchi fasl muhojirlar orasida jinoyatchilikning darajasi yuqoriligiga bag‘ishlanadi. Kobax jinoyatga aralashgan muhojirlarni mamlakatdan deportatsiya qilish taklifini beradi. Uchinchi fasl, jurnalistlarning taxminicha, chegarada devor qurish bilan bog‘liq. To‘rtinchi fasl Kobaxning qo‘li bilan yopilgani uchun uni o‘qib bo‘lmadi, beshinchisida esa siyosatchi muhojirlarni AQShda ovoz huquqidan mahrum qilish taklifini beradi.
Izoh (0)