2016-yilning 18-noyabr kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligining o‘rni va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi konferensiya tashkil etildi. Bu haqda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasida ayollar tadbirkorligining huquqiy asoslari, sohada ayollar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari, ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish hamda ushbu sohadagi xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda kichik biznes subyektlarining 120 mingdan ziyodini, xususan fermer xo‘jaliklarining 4 550 dan ortig‘ini xotin-qizlar samarali boshqarmoqda.
Ma’ruzalar bilan so‘zga chiqqan senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralarning vakillari hozirgi kunda iqtisodiyotda band bo‘lgan xotin-qizlarining ulushi 45 foizga yetganini qayd etib o‘tdi.
Shu bilan birga, muhokama davomida ta’kidlanganidek, amaliyotda o‘z yechimini kutayotgan bir qator muammoli masalalar ham mavjud. Chunonchi, tadbirkor ayollarning biznes-ko‘nikmalari, shu jumladan, investitsiya loyihalari bilan ishlash tajribasi va huquqiy bilimlari yetarli emasligi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va Assotsiatsiya a’zolariga qo‘shimcha imtiyoz berish tizimini ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)