Rossiya—2018 mundiali uchun kurash olib borayotgan Janubiy Amerika mamlakatlari saralashning 12-turini yakunladi.
To‘rt kun avval Braziliyadan yirik hisobda mag‘lub bo‘lib, tanqidlar ostida qolib ketgan Argentina terma jamoasi bu safar yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Lionel Messining goli bilan boshlangan o‘yinda Kolumbiya termasi darvozasi javobsiz uch bor ishg‘ol qilindi. O‘yinda, shuningdek, Argentinaning o‘yinlarini yoqtirmayotganlarga Discovery kanalini ko‘rishni tavsiya qilgan ayolning turmush o‘rtog‘i Anxel Di Mariya ham o‘z nomiga gol yozib qo‘ydi.
Urugvay terma jamoasi esa Chilida imkoniyatni boy berdi. Bellashuvda “Arsenal” hujumchisi Aleksis Sanches dubl qayd etgan bo‘lsa, “Barselona” hujumchisi Luis Suares uchrashuv yakunida penaltidan aniq foydalana olmadi.
Turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan Braziliya terma jamoasi esa Urugvayning ochko yo‘qotishidan keyin ahvolini yanada yaxshilab oldi. Neymar jamoadoshlari mazkur turda Peru mehmoni bo‘lib, 2 ta gol farqi bilan zafar quchdi.
JCh—2018 (KONMEBOL) 12-tur bellashuvlari 16-noyabr, chorshanba
Izoh (0)