Filippin dengizida joylashgan AQSh himoyasidagi Palau oroli hamda Buyuk Britaniyaning dengiz ortidagi Monserrat hududida Zika virusi aniqlanganidan so‘ng, ushbu kasallik qayd etilgan mamlakat va hududlar soni 75 taga yetdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Sog‘liqni saqlash xalqaro tashkilotining haftalik byulletenida qayd etilishicha, 2007-yildan buyon 75 mamlakat va hudud Zika virusining chivinlar tomonidan tarqatilishi haqida ma’lum qildi. Shulardan 69 tasi 2015–2016-yillarda qayd etilgan.
Joriy yilning fevral oyidan buyon 12 mamlakat – AQSh, Kanada, Argentina, Peru, Chili, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Gollandiya, Portugaliya va Yangi Zelandiya Zika virusining insondan insonga o‘tishi haqida ma’lum qilgan.
26 mamlakat va hudud rasmiylari Zika virusiga chalinish oqibatida mikrotsefaliya hamda markaziy nerv sistemasining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa holatlar haqida Sog‘liqni saqlash xalqaro tashkilotiga xabar bergan. 19 mamlakat vakillari esa Giyen-Barre sindromi holatlari oshib ketishi haqida ta’kidlagan.
18-noyabr kuni Jeneva shahrida Zika virusi, mikrotsefaliya va boshqa nevrologik buzilishlar bo‘yicha favqulodda qo‘mitaning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.