Bugun internetga kirsang bir mavzuning faol muhokamasiga duch kelasan: “Ana, Toshkent shahar hokimi ajrashayotgan oilalarni televideniyeda ko‘rsatarmish. Bu odamlarning huquqini poymol qilishning o‘zginasi!”
Juda oson ekanda-a?
Rostdan ham ajrashayotganlarning huquqlari buziladimi?
Xo‘sh, nima uchun bunday bayonot bilan chiqildi? Bekorga, bejizga emasdir...
Avvalambor, bitta raqamni qayd etamiz — oxirgi besh yilda Toshkent shahrida oilaviy ajrimlar soni uch barobarga oshgan! Ayni vaqtda, bir yillik hisob-kitoblarga qaraganda, ajrimlar soni 32,4 foizni tashkil etayotir.
Har yili o‘rtacha 4000 dan 4500 gacha oilada ajrim qayd etilmoqda. O‘tgan to‘qqiz oylikda 3442 ta oila ajrashdi! Bugungi kunda oilaviy ajrim bo‘icha 779 ta ish sudlar hamda FHDYo bo‘limlarida ko‘rib chiqish jarayonida. Ushbu oilalarda 489 nafar voyaga yetmagan farzand bor!
Xo‘sh, biz qayoqqa qarab bormoqdamiz? Agar shu zaylda ketaversa, ajrimlarning foizi oshib borishiga shubha yo‘q. Internetda aqlli boshlar juda ko‘p. Ayniqsa, donolik qilib bunday ajrimlarga yetishmovchilikni bosh sabab qilib fol ochayotganlarga qarata boshqa gap bor:
Ajrimlarning bosh sababi — yetishmovchilik, oilani boqa olmaslik emas! Ularning aksariyati o‘ziga to‘q, boyligi o‘ziga yetarli xonadonlarda yuz berayotir. Hokim buni “To‘qlikka sho‘xlik” deb atadi.
Bu ayni to‘g‘ri baho!
Oilaviy ajrimlarning sabablarini tahlil qilar ekanmiz, ularning ba’zida o‘ta arzimas, aytishga, bahona qilishga tiling bormaydigan vajlar ekaniga duch kelish mumkin.
Emishki, “kelin ovqatni sho‘r pishirarmish”, emishki, “kelinning sepi munosib kelmaganmish”, emishki, “kelinning otasi kuyovga yaxshi yordam bermasmish...”, “olti oyda mashina sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan qaynota o‘z va’dasida turmabdi”...
Undan ham oldin: Bir kursdoshim bo‘yi yetgan qiziga kelayotgan sovchilarning berayotgan savollarini sanab berganida hayratdan yoqa ushladim: Qizingizning sepini ko‘raylik.
Qaysi butikdan kiyinasizlar?
Mayli, kelin qilamiz-u, faqat qizingizni biron hashamdor hovlidan chiqarasizlar, chunki bizga domdan kelin tushirish uyat...
Eng ajoyibi, sovchilardan birontasi hoy, qizing qayerda o‘qigan, ovqat qilishga, tikish-bichishga qanday, qo‘lida biror hunari bormi, degan savol bermagan... Hayron qolarlikmi? Ayting, bu ketishda borar manzilim qaysi tarafda?
To‘yga kelamiz: To‘yning bugungi isrofgarchiligi asli nimaga kerak? Ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz — isrof bo‘layotgan noz-ne’matlarni... Shuni isrof qilmay, me’yorida qilsak nima bo‘ladi, axir?
Sabablarning eng ko‘ngilga og‘riq beradigani va eng asosiylaridan biri qaynonalarga borib taqaladi. E’tibor bering: Qaynona — ona!
Shahar hokimining o‘rinbosari Farida Yo‘ldoshevnaning xonasida bir masalani fikrlashib turgandik, qabulxonadan yig‘i-sig‘i ovozi keldi. Eshikni ochsam, to‘ladan kelgan, yoshi qirqlar atrofidagi ayol va yonida aftidan, uning qizi... kotiba qiz Sanobarga bir nimalar deb, baland ovozda gapiryapti. Qo‘lida ro‘molcha, ko‘zlarida nam.
“Keling, keling”, qilib uni ichkariga taklif etdik.
Xullas, bu ayol yetti-sakkiz yil burun ajrashgan, bir o‘g‘il va ikki nafar qizi bor ekan. O‘sha qizlarning ikkinchisi yonida kelgani, u shahardagi kollejlardan birini ikki yil oldin tugatgan, ammo hali pasport ololmayapti. Negaki, u hech qayerda ro‘yxatda turmaydi. Ayolning til-zaboni tetikkina, chamasi uncha-munchaga tan beradiganmas, u sobiq erining hovlisida yasharkan. Qaynonasi ikki kenja qizning ro‘yxatga qo‘yilishiga rozilik bermayapti.
Mana, sarsongarchilikning mohiyati. Darhaqiqat, uy qaynonaning nomida, qonunan uning mulki, unga daxl qilish qonunga xilof. Demak, agar kimdir uning uyiga ro‘yxatga kirsa, uning muayyan huquqini buzadi.
Mayli, bu kelinda ayb bordir, u asosiy sababchi hamdir, bunisiga biron narsa deyishga haqqimiz yo‘q. Ammo norasida ikki qizning huquqi-chi? Uni kim o‘ylaydi?
Murojaat qilib kelgan ayolning so‘zlariga qaraganda, g‘urbatdan bezib ketgan qiz ikki bora o‘z joniga qasd qilib turganida to‘xtatib qolingan.
Ba’zi huquqni pesh qiluvchilar hokimning televideniyeda ko‘rsatish borasidagi fikrlariga darrov “oqilona baho” berishga shoshilishyapti. Ammo noto‘liq oilalarning har birida ikki-uch nafardan voyaga yetmagan farzand borligini kim o‘ylaydi?
Hokim mutasaddilarga qarata bir gapni achitib aytdi: “O‘sha norasidaning o‘rniga o‘z bolangizni qo‘yib ko‘ring!”
Bolaning ro‘yxatga qo‘yilish “huquqi” bir sari. U otasiz oilada hayotdan rozi bo‘lib o‘sadimi? Otasining mehriga to‘ymagan bola qanday to‘laqonli inson bo‘lishi mumkin? U maktabdagi sinfdoshlari orasida ularga teng bo‘lolmay, kamsitilgan, o‘ksitilgan holda ulg‘ayadi. Uning yeyish-ichishi, kiyinishi, tug‘ilgan kunlari, orzu-niyatlari... hammasi poymol bo‘ladi-ku, axir! Ular o‘nlab emas, yuzlab, hatto minglab! Bunday muhitda o‘sgan yigit-qizlar ertaga shu ona shahrimizning kuniga yaraydigan, istiqbolli farzandlari bo‘lishiga kim ishonadi?
Bilsangiz, hozir turli xorij mamlakatlariga chiqib, nom-nishonsiz yurgan, o‘ligi yoki tirigidan xabar yo‘q yigit-qizlarning aksariyati hayotdan norizo bo‘lib voyaga yetganlardir. Bilsangiz, ularning ko‘pchiligiga xursandchilik, baxtli yashayotganlarning hayoti yoqmaydi! Ularning ko‘pchiligi ertaga jamiyat uchun xavf keltirishi mumkin! Xo‘sh, endi ayting, kimning huquqini himoya qilmoq kerak? Kimning huquqi poymol bo‘lyapti?
Kelinini xo‘rlab oyoqosti qilayotgan qaynona televideniyega chiqishga or qiladimi?
Elning oldiga chiqib na dinda, va na dunyoviy hayotda eng qora qilmish bo‘lmish — oilasidan voz kechishga qaror qilgan yigitda or bo‘lishi mumkinmi? Ayniqsa, bolasini o‘z holiga tashlab, ko‘chaga chiqarganlarning vijdoni, uyati bo‘lishiga ishonish qiyin. Gap ota-ona, kelin-kuyovning o‘zida bo‘lsa ham mayli edi...
Imkoniyati bo‘la turib, bolalarini ko‘chaga haydab qo‘ygan, yillab aliment to‘lovlarini to‘lamaydigan yigitning asli yigitlik g‘ururi, sha’ni, burchi qayoqda qoldi?
Ochig‘i, oilalarimizda, ming afsuski, otalarning va yigitlarning qadimdan millatimizga xos bo‘lib kelgan egalik o‘rni yo‘qolib boryapti.
O‘z onasini Qariyalar uyiga oborib qo‘ygan bir nufuzli vazirlikning lavozimli xodimini aynan Farida Yo‘ldoshevna shaxsan vazirga qo‘ng‘iroq qilib “xatosini tuzattirgani”ga guvohman.
Xo‘sh, biz qay tomonni qoralab ketmoqdamiz?
Darhaqiqat:
Toshkent shahar hokimining o‘sha yig‘ilishda aytilgan qarori imzolandi. Joriy yilning 20-oktabrida chiqqan 947-sonli qaror “Toshkent shahrida oila munosabatlarini mustahkamlash va nikohdan ajratish holatlarining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish to‘g‘risida” deb nomlangan.
Eng avvalo, shahar va tumanlar kesimida tuzilgan ishchi guruhlariga oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida chuqur tahlillar olib borib, oila qurayotgan shaxslarning majburiyat va mas’uliyatini oshirish, ajrim qayd etilgan holatda birinchi navbatda voyaga yetmagan farzandlarning uy-joy bilan ta’minlanishi, alimentning to‘liq undirilishiga erishish, undan bo‘yin tovlash holatlariga qarshi amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilmoqda.
Imkoniyati bo‘la turib, oilasi, farzandlarini uy-joy bilan ta’minlamagan, oilasini moddiy qiyin ahvolga solib qo‘ygan erkaklar, fohishabozlik bilan shug‘ullanib oilalarning ajrimiga sababchi bo‘layotgan ayollar keng jamoatchilik orasida muhokama qilinadi. Bir oy muddatda uy-joysiz qolgan voyaga yetmagan farzandlar monitoring qilinib, ularning otalari tomonidan ularga boshpana qilib berish masalasida jiddiy ish olib borish masalasi ham ilgari surilmoqda.
Qarorda to‘ydan keyin kelinni bir oy muddatda (agar Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda tursa) kuyov yashaydigan xonadonga (bu xonadon kimning mulki bo‘lishidan qat’iy nazar) ro‘yxatga qo‘yish borasida vazifalar qo‘yilgan. Umuman, bu borada ham kelinlar va voyaga yetmagan farzandlarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha keskin ish olib boriladi.
Ushbu hujjatda har bir tumanda eng ko‘p oilaviy ajrimlar qayd etilgan o‘n bir mahallaning ro‘yxati keltirilmoqda. Bular:
Bektemirda “Mirishkor”;
Mirobodda “Inoqobod”;
Mirzo Ulug‘bekda “Avayxon”;
Olmazorda “Qo‘shtut”;
Sergelida “Ziynat”;
Uchtepada “Qori yog‘di”;
Chilonzorda “Nafosat”;
Shayxontohurda “Yangiobod”;
Yunusobodda “Beg‘ubor”;
Yakkasaroyda “Damariq”;
Yashnobodda “Ahmad Yassaviy”.
Mazkur mahallalarda 2017-yilning 1-yanvariga qadar ishchi guruhlar keng jamoatchilik, mahalla oqsoqollari hamkorligida profilaktika tadbirlarini o‘tkazishadi.
Qarorda erta nikoh, “shar’iy nikoh” bo‘yicha ham qator choralar ko‘rish belgilangan. Bundan buyon to‘yxonalar kelin-kuyovning yoshi, FHDYoga ariza berilgani, o‘rta-maxsus o‘quv yurtida tahsil olayotgani va hokazo ma’lumotlarni talab qiladi. Kasb-hunar kollejlarida o‘qiyotgan qizlarning turmushga chiqishi hollariga barham berish masalasi ham keskin qo‘yilgan.
Ishchi guruhiga kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda aynan qizlarni oilaga tayyorlash yo‘nalishida turli fakultativ mashg‘ulotlar, oila to‘garaklari tashkil etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar hamkorligida takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yilgan.
Nikoh to‘ylarini ortiqcha chiqimlarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha ham tegishli talablar ilgari surilmoqda.
Eng muhim jihatlardan biri, tahlillar va xulosalardan kelib chiqib, namunaviy nikoh shartnomasining loyihasini ishlab chiqish va qonunlarda uni majburiy ravishda tuzish bo‘yicha normalarni nazarda tutuvchi yangiliklar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash masalasi ham kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etish lozimki, oila o‘zbek xalqining muqaddas sanaydigan qadriyatidir. Uni asrab-avaylash nafaqat bugungi yurt osoyishtaligi, jamiyatdagi ahillik, birlikka xizmat qiladi, balki ertangi avlodlar uchun ham bebaho, beqiyos boylikdir. Shunday ekan, oilaviy ajrimlar davlat hokimiyati organlari hamda jamoatchilikning kun tartibidagi eng birinchi va bosh masalasidir.
Shahar hokimligi ayni mana shu mezon bilan baholagan holda harakat qilmoqda.
PS: Darhaqiqat, bu borada jamoatchilik, aholining, har bir hamyurtimizning jonkuyarlik, chuqur tahlil va asosga suyanuvchi, amaliy taklif va mulohazalarini esa kutib qolamiz.
Husan Ermatov
Toshkent shahar hokimligi
Axborot xizmati rahbari
Izoh (0)