O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi matbuot xizmati e’lon qilgan bayonotda majburiy mehnat va voyaga yetmaganlarni paxta terimiga jalb etish muammolariga to‘xtalib o‘tildi.
“Bugungi kunda jahonning 182 mamlakati Xalqaro Mehnat tashkiloti (XMT) a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi 1992-yilning mart oyida XMTning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi. Hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston XMTning 13 konvensiyasini, shu jumladan, sakkizta asosiy konvensiyasining yettitasini ratifikatsiya qilgan, — deyiladi xabarda. — Xalqaro mehnat tashkiloti 1919 yilda tashkil topgan hamda Filadelfiya deklaratsiyasida (1944 yil) ko‘rsatib o‘tilgan quyidagi tamoyillarga asoslangan holda o‘z faoliyatini olib boradi:
mehnat tovar emas;
so‘z erkinligi va birlashish erkinligi doimiy taraqqiyotning zaruriy shartidir;
har qanday joydagi qashshoqlik umumiy farovonlik uchun tahdidlidir;
irqi, e’tiqodi yoki jinsidan qat’iy nazar, barcha odamlar erkinlik va inson qadr-qimmatini hurmatlash, iqtisodiy barqarorlik va teng imkoniyatlar sharoitida moddiy farovonlik va ma’naviy rivojlanish huquqiga egadir.
Xalqaro mehnat me’yorlarini ishlab chiqish XMTning eng muhim va o‘ziga xos funksiyalaridan biri hisoblanadi. Mehnat sohasidagi asosiy huquqlarning minimal standartlari konvensiyalar va tavsiyalar shaklida qabul qilinadi”.
Materialda ta’kidlanishicha, Xalqaro mehnat tashkilotining a’zosi bo‘lgan davlat hukumati XMT konvensiyalari va protokollarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun o‘z mamlakatining vakolatli milliy organiga taqdim etilishini ta’minlaydi. XMTga a’zo davlat u yoki bu konvensiyani ratifikatsiya qilgandan so‘ng milliy qonun hujjatlarini unga muvofiqlashtirish hamda ijrosini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi. XMT tavsiyalari majburiy tusga ega emas bo‘lib, siyosat, qonunchilik va amaliy faoliyat sohasida qo‘llanma vazifasini bajaradi.
“O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risida” 29-son, “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida” 105-son, “Eng kichik yosh to‘g‘risida” 138-son va “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida” 182-son konvensiyalarini ratifikatsiya qilingan. Mazkur konvensiyalar normalariga muvofiq, milliy qonunchiligimizda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan mazkur toifa xodimlarining sog‘lig‘iga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish, shuningdek, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash taqiqlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 29-iyulda 1990-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari Ro‘yxatida paxtani qo‘lda terishda hamda qo‘lda sug‘orishda band bo‘lgan ishlarda o‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlangan”, — deyiladi Mehnat vazirligi xabarnomasida.
Izoh (0)