Andrey Shevchenko, “Chelsi”
Joze Mourinyoning futbol yulduzlari “qotili” faoliyatini uning “Chelsi”ga birinchi kelganida boshlandi. O‘sha paytlarda klub xo‘jayini Roman Abramovich yulduzli jamoa tashkil qilib, futbolchilar xaridi uchun pul ayamagan. O‘z-o‘zidan, omadsiz transferlar ham bo‘lgan. Andrey Shevchenkoning “Milan” jamoasidan “Chelsi”ga o‘tishi London klubi tarixidagi eng omadsizlaridan biri bo‘ldi. Shevchenko Didye Drogba bilan qaqshatqich duet tashkil etishi kerak edi. Biroq ivuarlik futbolchi to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilganida, ukrainalik hujumchining Angliya futboliga samarasiz moslashuvi davom etardi. Shevchenko “Chelsi”dagi ikki yili davomida atigi to‘qqizta to‘p kiritib, har bir o‘yinda Mourinyo ishonchini yo‘qotar, belidagi muammolarda aziyat chekar edi. Natijada u ijara asosida “Milan”ga qaytib, bir mavsumdan so‘ng vataniga — Kiyevning “Dinamo” klubiga o‘tib ketdi.
Mourinyo Shevcheko haqida: “‘Milan’da u shahzodalar singari yashagan edi. ‘Chelsi’da esa falsafa boshqacha bo‘lgan, hech qanday qirollik oilasi bizda bo‘lmagan. Hamma bir xil ishlashi va maydonga chiqish uchun munosib ekanini isbotlashi kerak edi. Menimcha, u o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan. Har qadamda u noto‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab harakat qilgan”.
Raul, “Real”
Mourinyoning “Real”dagi ishini futbol mutaxassislari va klub muxlislari turlicha baholaydi. Bir tomondan, uning qo‘li ostida jamoa Ispaniya chempioni bo‘ldi hamda mamlakat Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. Boshqa tomondan, YChLdagi muvaffaqiyatsizlik, “El-Klasiko”dagi omadsizlik. Ammo Mourinyoga qaratilgan asosiy ta’na klub afsonalariga bo‘lgan e’tiborsiz muomalasi bo‘lgan. Joze “Real”ga kelishi bilan klubning yangi futbolchilari — Ronaldu, Kaka va Benzema atrofida o‘yin olib borishini ochiqchasiga aytgan. Raulga esa portugaliyalik mutaxassis boshqa rolni taklif qilgan — klub afsonasi maydonda emas, kiyinish xonasida yetakchi bo‘lishi kerak edi. Mourinyoning “Inter”ida ushbu rolni Marko Materatssi bajargan. “Real”dagi faoliyati davomida doim yetakchi bo‘lgan Raul bunday roldan voz kechib, Gelzenkirxenga yo‘l oldi va ikki yil ichida “Shalke-04” muxlislarining mehrini qozondi.Mourinyo Raul haqida: “Raul va Guti klub uchun ko‘p ishni qilgan. Men esa ‘Real’ga hali hech narsa keltirmadim va shu sababli ularni hurmat qilaman. Biz yangi g‘alabalar va sovrinlar tomon yurishimiz kerak. O‘tmish aslida bo‘lganidan yaxshiroq ko‘rinadi”.Kaka, “Real”
Mourinyoning “Real”dagi faoliyatiga bir mavsum bo‘lmasidan u o‘z xarakterini yana namoyish qildi. Uzatmalar dahosi, olib o‘tishlar ustasi Kaka ham Mourinyoning “qurboni”ga aylandi. Mourinyo Kakadagi qobiliyatlarga qaramay, futbolchi bor kuchini namoyish qilmasa, ularning barchasi bekor ekanini aytdi. Jarohatlar tufayli Kaka “Real”ning bir qismi bo‘la olmadi. Braziliyalik futbolchining o‘rnini esa o‘sha paytlarda uncha yorqin bo‘lmagan Mesut O‘zil egalladi. “Zaxira o‘rindig‘i — lazaret” Kaka uchun ikki yil davomida eng mashhur yo‘nalish bo‘ldi. Shuning uchun u “Milan”ga qaytganida hech kim bunga katta e’tibor bermagandi.
Mourinyo Kaka haqida: “Agar Kaka ‘Real’da qolsa — ajoyib. Agar u ‘Milan’ga ketsa — ajoyib”.Iker Kasilyas, “Real”
Mourinyoning Raul, Guti va Kaka bilan mojarosi nisbatan yengil o‘tgan bo‘lsa, Kasilyas bilan mojaro Ispaniyada bir yildan ortiq muhokama qilindi. 2012-yilning 22-noyabr kuni Iker Kasilyasning yorqin faoliyatiga nuqta yasagan kun sanaladi. O‘sha kuni u uzoq damlardan buyon birinchi marta zaxirada qolib, o‘z o‘rnini Antonio Adanga bo‘shatib berdi. Kasilyas o‘rinbosari uchun o‘yin omadsiz o‘tdi, biroq tushunarsiz sabablarga ko‘ra asosiy tarkibdagi joyini saqlab qoldi. Portugaliyalik mutaxassis Adan Kasilyasdan ko‘ra yaxshiroq jismoniy holatda ekaniga barchani ishontirardi. Lekin matbuotda muxlislar yoqimtoyi va Mourinyo o‘rtasida mojaro haqida ma’lumotlar chiqardi. Vaqt o‘tib Iker Diyego Lopesga raqobatni boy berdi va Madriddagi 25 yillik faoliyatidan so‘ng klubni ko‘z yoshlari bilan tark etdi.
Mourinyo Kasilyas haqida: “O‘rtamizda muammo yo‘q. Har kim o‘z ishini qilmoqda va Iker uni yaxshi uddalayapti. Endi Kasilyas uning kolleksiyasida bo‘lmagan sovrinni — Yevropa Ligasi g‘olibligi uchun beriladigan kubokni yutish imkoniga ega bo‘ladi”.Xuan Mata, “Chelsi”
2012/13-yilgi mavsumda Xuan Mata “Chelsi” safida yorqin mavsum o‘tkazgandi. Biroq Mourinyo Londonga qaytganidan so‘ng ispaniyalik futbolchi zaxira o‘yinchisiga aylanib qolganini sezdi. Mata shunchaki Mourinyoning himoyadan minimal uzatmalar bilan hujumga tezkor ravishda o‘tishdan iborat yangi konsepsiyasiga to‘g‘ri kelmadi. Natijada yarim himoyachi “Manchester Yunayted”ga qochib ketdi, ammo u yerda “Chelsi”da ko‘rsatgan o‘yinini namoyish qila olmadi. Mourinyo “MYu”ga kelgach, Mata yana zaxirada qolib ketdi.
Mourinyo Mata haqida: “Matani kuchliroq futbolchi qila olmaganimdan afsusdaman. Balki qiyin damda o‘z pozitsiyasida eng yaxshisi bo‘la olmaslik uning uchun yangi holat bo‘lgandir. Ushbu holat uni futbolchi va inson sifatida yanada kuchliroq qilgandir. Ammo men murabbiy sifatida unga hech narsa bera olmadim va bu meni ranjitdi”.
Kevin De Bryuyne, “Chelsi”
Mata bilan birgalikda “Chelsi”ni Kevin De Bryuyne ham tark etdi. Adolat nuqtai nazaridan shuni aytish kerakki, belgiyalik futbolchi “Chelsi”ni tark etayotganida Kasilyas yoki Raul singari yulduz darajasida bo‘lmagan. “Verder”da ijara asosida to‘p surib, samarali o‘yin ko‘rsatgan De Bryuyne Mourinyoga nimalarga qodir ekanini isbotlashga urindi. Lekin yarim yil ichida atigi uchta o‘yinda maydonga tushish barchasiga oydinlik kiritdi. Yosh iqtidorning o‘yinidan hayratlanmagan Joze uni “Stemford Brij”dan uzoqroqqa (Germaniyaning “Volfsburg” klubiga — “Daryo” izohi) jo‘natib yubordi. Mourinyo ushbu qarorini quyidagicha izohladi:“Ular klubdan nima uchun ketishni xohlaganini o‘zlaridan so‘rab ko‘rishingiz mumkin. Agar ular — Lukaku, De Bryuyne, Shyurrle va Salax — rostini aytsa, haqiqiy raqobat istaganini ma’lum qiladi. Ular mahoratli futbolchilar bilan raqobatlashishni xohlamaydi”.David Luis, “Chelsi”
David Luis Joze Mourinyoning Londonga ikkinchi marta qaytib kelishidan ikki yil avval “Chelsi”da paydo bo‘lgan hamda YChL va Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘lib, o‘zini tayanch yarim himoyachisi sifatida sinab ko‘rishga va xushchaqchaq xarakteri evaziga muxlislar yoqimtoyiga aylanishga ulgurgan edi. Ammo Mourinyo o‘zi uchun asosiy — avantyurizm va himoyada ishonchsiz o‘yin omillarini ajratdi. Hukm qat’iy edi — jamoadan ketish. Bundan tashqari, “Chelsi” jamoaning asosiy futbolchisi bo‘lmagan o‘yinchi uchun 50 millionni yana qachon ishlab olardi? Kim o‘ylabdi deysiz bir necha yildan so‘ng David Luis arzimagan pul evaziga “Chelsi”ga qaytadi deb?
Mourinyo Luis haqida: “O‘tgan yili u jamoaning asosiy o‘yinchisi bo‘lmagandi. Markaziy himoyachi sifatida uni ko‘rib ham o‘tirmaymiz, chunki bu joyda Gari Kexill va Jon Terri butun mavsum o‘ynadi. David ‘Chelsi’ uchun ko‘p narsa qildi va doim professional bo‘lib qoladi. Uni yaxshi yigit sifatida sog‘inib qolamiz. Biroq futbol nuqtai nazaridan tarkibimiz yanada kuchli bo‘ldi”.Frenk Lempard, “Chelsi”
Mourinyo ikkinchi marta “Chelsi”ga qaytganida klub afsonasiga aylanib ulgurgan Frenk Lempardni qo‘yib yuborishga qaror qildi. Murabbiy uning xizmatilaridan voz kechdi, Lempard esa jismoniy holatini saqlash uchun eng qulay bo‘lgan AQSh chempionati — MLS’ga o‘tib ketdi.
Mourinyo Lempard haqida: “Lempardni qo‘yib yuborishga qaror qilganimda haq edim. Biz to‘g‘ri qaror qabul qildik. Agar kelajakka nazar tashlasangiz, Fabregas va Matich yana 10 yil klubning poydevori bo‘lishini ko‘rasiz. Bizning loyihamiz 1 yilga emas, aynan 10 yil muddatga mo‘ljallanganini tushunish kerak”.
Petr Chex, “Chelsi”
Ko‘p o‘tmay Mourinyo 10 yil avval Angliyada chempionlikni qo‘lga kiritishni boshlagan so‘nggi futbolchisi bilan xayrlashdi. Petr Chex uzoq yillar davomida jamoaning o‘zgarmas birinchi raqami bo‘lib kelgandi. Mourinyo yosh Tibo Kurtuaga ishonch bildirib, Chexning “Arsenal”ga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yib berdi.Mourinyo Chex haqida: “Chexga qarorimni tushuntirmadim va buni qilmayman ham. Agar bitta kishiga buni tushuntirsam, norozi bo‘lgan boshqalar ham topiladi. Vaziyatni shunday baholayman: klub bor, jamoa bosh, keyin esa futbolchilar. Klub mening vakolatimda emas, jamoani esa men butunlay nazorat qilaman. Barcha ishlarim klub uchun qilinayotganini hamma tushunishi kerak”.Bastian Shvaynshtayger, “Manchester Yunayted”
“Manchester Yunayted” jamoasi bir necha kun avval yillik moliyaviy hisobotini chop etib, “ko‘rilmagan xarajatlar” bo‘limiga 6,7 millionni kiritib qo‘ydi va uni “klub a’zosi hisoblanmagan futbolchining narxi qadrsizlanishi” bilan tushuntirdi. Gap Bastian Shvaynshtayger haqida borayotganini anglagan bo‘lsangiz kerak. Germaniya termasi safida jahon chempioni bo‘lgan afsonaviy Bastian Shvaynshtayger yaqindagina yangi jamoaga o‘z kuchini bag‘ishlashga tayyor ekanini aytgandi. Klub esa germaniyalik futbolchi “qimmatbaho mulk” emasligi haqidagi hujjatni imzoladi. Bunga asosiy sabab — Bastianning xizmatlariga muhtoj bo‘lmagan Joze Mourinyo.
Mourinyo Shvaynshtayger haqida: “U men bilan gaplashdi. Uning uchun javob berishni istamayman. Bu uning hayoti va karyerasi. Unda ‘MYu’ bilan amal qilayotgan kelishuv bor va u ketish yoki qolish huquqiga ega. Bu borada muammo yo‘q. Ikkita pozitsiyaga beshta futbolchi — Pogba, Errera, Shnayderlin, Fellayni va Kerrik bor. Agar muammolar paydo bo‘lsa, klub akademiyasidan yosh futbolchilarni chaqirib, ularga imkon berishdan xursand bo‘laman”.
Qayd etish kerakki, Adrian Mutu (“Chelsi”), Shon Rayt-Fillips (“Chelsi”), Ernan Krespo (“Chelsi”), Guti (“Real”), Rikardu Kuarejma (“Inter”), Xamit Altintop (“Real”), Muhammad Salax (“Chelsi”), Xuan Kuadrado (“Chelsi”), Lassana Diarra (“Real”), Rafael van der Vart (“Real”), Romelu Lukaku (“Chelsi”) kabi futbolchilar Joze Mourinyo “qurboni”ga aylangan.
Izoh (0)