O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Oliy Liga ishtirokchisi “Sho‘rtan”dan 3 ochko olib tashlab, buni 2011-yildan buyon jamoaning serbiyalik Urosh Miloslavlevichdan qarzi bor ekani bilan izohlagandi.
“Sho‘rtan” klubi ijrochi direktori Shodi Namozov mazkur holat yuzasidan “Futbol ekspress” gazetasiga intervyu bergani “Championat.asia” tomonidan ma’lum qilindi. Namozov 2011-yil G‘uzor klubi safida Urosh Miloslavlevich harakat qilganini tasdiqlab, hisob-kitob bobida anglashilmovchilik bo‘lganini qayd etgan.
“Futbolchi bilan hisob-kitob oxirigacha qilinmagan ekan. Bunda anglashilmovchilik bo‘lgan. Klub futbolchidan qarzi yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, Uroshning Zoran ismli agenti FIFAga shikoyat bilan chiqish qilgan. Biz futbolchining qarzini to‘lash borasida ish olib bormoqdamiz. To‘lov miqdori ko‘proq”, — deb ta’kidlagan Namozov, o‘sha miqdorning qancha ekaniga oydinlik kiritmagan.
“Bo‘lib o‘tgan ishlardan o‘zimiz uchun xulosa chiqardik. Bundan buyon futbolchilar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilinadi. 2015-yil yakuniga ko‘ra o‘zimizning futbolchilardan ham qarzdorligimiz bor edi. Hozirga kelib buning 80—90 foizi to‘lab berildi. Tez kunda barcha qarzlardan qutulamiz”, — deb fikriga yakun yasagan klub ijrochi direktori.
Izoh (0)