Kosta-Rika terma jamoasi Shimoliy Amerika termalari ichida tengsiz bo‘lib, Kolumbiya chiptasini yutib olgan.
O‘z guruhida Argentina, Qozog‘iston va Solomon orollariga qarshi kurashadigan rikaliklarning hozirgacha eng yaxshi natijasi Jahon Chempionatida 1 donadan o‘yinni yutish bo‘lgan. Xo‘sh, bu safar-chi?
Kolumbiyaga yo‘l
Kosta-Rika terma jamoasi Jahon Chempionatiga KONKAKAF chempioni sifatida tashrif buyuradi. Qanday kontinent bo‘lmasin, uning chempioniga bo‘lgan hurmat baribir o‘zgacha bo‘ladi.Kosta-Rika saralash vazifasini o‘tab beruvchi qit’a chempionatida 5 ta o‘yin o‘tkazib, barchasida zafar quchdi. To‘rt yil avval bo‘lgani kabi hammadan ko‘p — 26 ta gol urdi va 6 dona to‘p o‘tkazib yubordi.
Guruh o‘yinlarining dastlabki ikkitasida Kosta-Rika 17 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va bitta gol o‘tkazdi. Shundan keyin asosiy raqiblar chiqib kela boshladi. Avvaliga Kuba 6:0 hisobida mag‘lub etildi. Yarim finalda Gvatemalaga imkoniyat qoldirilmadi — 7:1. Finalda O‘zbekistonning mundialdagi ilk raqibi Panama darvozasi javobsiz 4 bor ishg‘ol qilindi. Osiyo qit’asida siz Eronni qanday tasavvur qilsangiz, KONKAKAFda Kosta-Rikani shunday maqomda deyish mumkin. So‘nggi 4—5 yilda, albatta.
Jamoa haqida
1992-yildan boshlab, 2000-yilga qadar Kosta-Rikaning yetakchi futzalchisi bo‘lgan Diyego Solisning keyinroq murabbiyga aylanishini ko‘pchilik tahmin qilgandi. Bu tahminlar haqiqatga aylandi. Aynan u mamlakat futzal terma jamoasi hayotida eng muhim rolni o‘ynaydi.Tailand mezbonlik qilgan 2012-yilgi Jahon Chempionatiga ham Kosta-Rikani Diyego Solis yetaklab bordi. U bir necha yillik mehnatlari evaziga Diyego Zuniga, Erik Brenesa, Edvin Kubilo kabi pishiq futzalchilarni yetishtirdi. Nomi so‘nggi o‘rinda zikr etilgan yigit saralash bosqichining eng yaxshi futzalchisi uchun atalgan sovrinni o‘ziniki qilib oldi.
Kosta-Rika Kolumbiyaga yetakchi jamoalar qatorida tashrif buyurayotgani yo‘q. Shunga qaramay, bu terma jamoa har qanday raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga tayyor. Solomon orollari kabi jamoasi bor guruhda Kosta-Rikaning qolib ketishi qiyinroq masala. Ko‘p narsa Qozog‘iston termasiga qarshi o‘yinda hal bo‘ladi.
Mundiallar tarixi
Kolumbiya mundiali Kosta-Rika uchun tarixdagi to‘rtinchi, ketma-ketlikda ikkinchisidir. Ilk bor mamlakat bosh jamoasi 1992-yil Gongkong mezbonlik qilgan musobaqada ishtirok etib, guruh bosqichidagi har uch bellashuvda ham imkoniyatni boy bergan.Katta maydonga Kosta-Rika oradan 8 yil o‘tib qaytdi. Gvatemalada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionati jamoaning ilk g‘alabasi bilan yodda qoldi. O‘shanda turnirning 11-pog‘onasi Kosta-Rikaga nasib qilgandi va o‘sha natija hozirgacha eng yaxshisi bo‘lib turibdi.
2012-yil mundialga qaytgan Kosta-Rika bu safar ham 1 dona g‘alaba bilan cheklandi. Biroq bu g‘alaba jamoaning guruhdan chiqishi uchun yetarli bo‘lmadi. Intixoda “Los Ticos” musobaqani 17-o‘rinda yakunladi.
Izoh (0)