Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinish yuzasidan olib borilayotgan tergov-surishtiruv harakatlari sabab mamlakatdagi ta’lim muassasalarining 27 mingdan ortiq o‘qituvchilari va xodimlari ish ruxsatnomalaridan mahrum bo‘ldi. Bu haqda, “TASS” xabariga ko‘ra, Turkiya milliy ta’lim vaziri Ismet Yilmaz ma’lum qilgan.
“Ta’lim sohasidagi 27 ming 424 nafar xodimning ishlash uchun ruxsatnomalari chaqirib olingan. Biroq bundan o‘quvchilarning hech biri jabr ko‘rmaydi, ularning bari davlat maktablariga joylashtiriladi”, — dedi vazir.
Qayd etishlaricha, Turkiyadagi to‘ntarishga urinishdan so‘ng yopilgan maktablarda 138 ming o‘quvchi ta’lim olar edi. Yilmazning ma’lum qilishicha, vazirlik ayni vaqtda qo‘shimcha o‘qituvchilarni ishga olish, shuningdek, Turkiyaga qochoq sifatida kelgan suriyaliklar orasidan 514 nafar o‘qituvchini ish bilan ta’minlash masalasida ko‘rib chiqadi.
Turkiyada 16-iyulga o‘tar kechasi bir guruh harbiylar tomonidan davlat to‘ntarishiga urinish yuz bergan edi. Mamlakatning amaldagi hokimiyati isyonni bostirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘ntarishga urinish bilan bog‘liq voqealar davomida 246 kishi halok bo‘lgan (isyonchilardan tashqari), 2 mingdan ortiq kishi tan jarohati olgan.
Shundan so‘ng Turkiya hukumati davlat apparati va boshqa tuzilmalarni rasmiy Anqara tomonidan isyonning asosiy muallifi deya e’tirof etilgan Fathulloh Gulenni qo‘llab-quvvatlagan shaxslardan tozalash ishlarini boshladi. Xususan, Gulen bilan aloqador deb gumon qilingan bir necha ming tijoriy ta’lim muassasalari yopildi.Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)