Brikk kompaniyasi Apple sentabr oyida taqdim etadigan iPhone 7 ning lyuks versiyalari uchun buyurtma qabul qilishni boshladi. Qimmatbaho metallar va brilliantlardan iborat korpusga ega eng qimmat model 1,3 million dollar turadi, deb xabar bermoqda “Hi-Tech.Mail.ru”.
Zargarlar 24 karat sariq oltin, 18 karat gulob oltin va 950 probali platinadan yaratilgan korpusga burkangan iPhone 7 ni taklif qilmoqda. Unga 60 karat umumiy vaznga ega brilliantlar bilan zeb berish mumkin. Korpus uslubi shaxsan kompaniya bosh dizayneri Sirrus Bleksmit tomonidan ishlab chiqiladi. Bunday variantdagi iPhone 7 ning narxi 1,3 million dollarni tashkil etadi.
Arzonroq versiyalar ham bor. Jumladan, Deluxe kolleksiyasida korpuslar sariq, gulob oltin yoki platinadan ishlanadi, turlicha sayqal va ohor berish mumkin. Smartfon narxi individual tarzda aniqlanadi, lekin narx yuqoridagi variantdan arzonroq bo‘ladi. Smartfonga, shuningdek, 1,08 karat brilliantlardan logotip tushirish mumkin.
iPhone 7 ning Brikk taklif etayotgan eng hammabop versiyalari o‘nta turlicha yorqin rangdagi korpuslarga burkangan modellar bo‘lib, ular ham gulob yoki sariq oltin hamda brilliantlar bilan bezalgan. Ularning narxi 4 295 dollardan boshlanadi.
iPhone 7 ning lyuks versiyalari oktabrda sotuvga chiqariladi. Brikk vakillarining uqtirishicha, barcha iPhone 7 lar Apple A10 chipseti negiziga qurilib, 3 Gb operativ xotiraga ega bo‘ladi.
Izoh (0)