Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti Irina Viner-Usmonova RF sport vaziri lavozimini egallash niyati yo‘qligini va bu masala hech qachon kun tartibida turmaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Ilgariroq matbuotda milliarder Alisher Usmonovning rafiqasi bo‘lmish Irina Viner-Usmonova sport vaziri etib tayinlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
“Butun hayotimni badiiy gimnastikaga bag‘ishlagan ijodiy shaxs sifatida hayotimdagi asosiy maqsadni amalga oshirish uchun ajoyib imkoniyatga egaman, u ham bo‘lsa rossiyalik sportchilarni tarbiyalash, badiiy gimnastikani rivojlantirish va shogirdlarim sevimli sport turida yutuqlarga erishishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishdir. Hech qachon RF sport vaziri lavozimini egallash niyatim bo‘lmagan. Bunday masala kun tartibida turmagan va men bilan muhokama qilinmagan”, — dedi Viner-Usmonova xonimning 24-iyul, yakshanba kuni tarqatilgan bayonotida.
Rossiyaning amaldagi sport vaziri Vitaliy Mutkodir.
Izoh (0)