Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Sport arbitraj sudining (CAS) qarorini tahlildan o‘tkazib, yaqin kunlarda rossiyalik sportchilarning Rio-de-Janeyroda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarini ishtirok etish-etmasligini hal qiladi. Bu haqda, tashkilot matbuot xizmatiga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
“Qo‘mita CAS qarorini o‘rganmoqda. Endi biz qarorni o‘rganib, tahlildan o‘tkazishimiz lozim. Rossiyalik sportchilarning ishtiroki masalasi yaqin kunlarda hal qilinadi”, — deyiladi xabarnomada.
Fransiya matbuotida aytilishicha, 24-iyul, yakshanba kuni qo‘mita telekonferensiya tashkil etib, CAS qarorini muhokamadan o‘tkazadi.
Bugun, 21-iyul kuni CAS Rossiya Olimpiya qo‘mitasining va 68 nafar rossiyalik yengil atletning apellyatsiyasini rad etdi. Ular Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasining (IAAF) rossiyalik sportchilarning Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishiga qo‘ygan taqiqini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan edi. Shu tariqa, rossiyalik yengil atletlar Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Faqatgina Darya Klishina va Yuliya Stepanova bundan mustasno — IAAF ilgariroq ularning ishtirokiga ruxsat bergan edi.
Izoh (0)