O‘zbekistonlik futbol agenti San’at Sharipov Janubiy Afrika Respublikasi Futbol Assotsiatsiyasida ishlash uchun taklif oldi va karyerasini shu mamlakatda davom ettirish uchun jo‘nab ketdi.
“Championat.asia” ma’lumotiga ko‘ra, San’at Sharipov Shveysariyaning Syurix Universitetini tamomlagan. FIFA qarorgohi joylashgan mamlakatda u jahon futboliga xalqaro toifadagi mutaxassislar yetkazib beruvchi universitetning Xalqaro sport huquqi mutaxassisligi bo‘yicha magistraturasida tahsil olgan.
“Xursandman. Yana bir taklif Jazoir Futbol Federatsiyasidan bo‘lgandi. Biroq menga JAR varianti ma’qulroq. Chunki bu mamlakat Konfederatsiyalar Kubogi, Jahon Chempionati kabi musobaqalarni qabul qilgan Afrikaning yagona davlati. Infratuzilma zamonaviy ko‘rinishga ega. Meni u yerda nihoyatda qiziqarli va muhim ish jarayoni kutmoqda”, — deb ta’kidlagan San’at Sharipov.
Futbol agentining so‘zlariga ko‘ra, JAR 1998, 2002 va 2010-yilgi mundiallarda ishtirok etgan. — “JARda mavjud ish haqi to‘lash, mukofot pullari, soliqlar, sug‘urta tizimlarini o‘rganaman. Braziliya, Kosta-Rika, Avstraliya, Ispaniya kabi termalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazayotgan JAR milliy terma jamoasiga mutasaddilar bu bellashuvlarni qay yo‘sinda tashkil qilib berayotgani bo‘yicha ham tajriba orttirmoqchiman. Bundagi tijorat, reklama va marketing masalalarini tahlil qilishni ham ko‘zlaganman”, — deb so‘ziga yakun yasadi San’at Sharipov.
JAR Futbol Assotsiatsiyasi xizmatiga qiziqqan San’at Sharipov bilan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va Professional Futbol Ligasi hamkorliq qilmagan.
San’at Sharipovdan tashqari Alisher Nikimbayev BAA Futbol Assotsiatsiyasida, Avaz Berdiqulov esa Osiyo Futbol Konfederatsiyasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar hisoblanadi.
Izoh (0)