Moskva sudi shahar metropolitenida Qur’onni yoqib yuborgan bir guruh neonatsistlar ustidan hukm chiqardi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ularga 5 yil shartlidan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilandi.
Himoya hukm ustidan apellyatsiya berib bo‘ldi, u qachon ko‘rib chiqilishi ma’lum emas.
Millatchi jinoiy guruh yetakchisi, Tver viloyatida istiqomat qiluvchi Aleksandr Sokolovga maksimal jazo — 10 yillik qamoq belgilandi. Guruh a’zolarining ko‘pchiligi jinoyat sodir etilgan paytda voyaga yetmagan bo‘lgani uchun ular 4,5–5 yil axloq tuzatish koloniyasida qayta tarbiyalanadigan bo‘ldi. Tergov jarayonidayoq aybini tan olgan va ko‘rsatma bergan Sergey Lixachyov esa 5 yil shartli muxlat shaklida eng yengil jazoga tortildi. Qolganlarga 4–6 yillik qamoq jazosi belgilandi.
Voqea 2013-yilning 31-dekabr kuni Moskva metropolitenida sodir bo‘lgan edi. Bir guruh natsistlar islom e’tiqodidagi insonlarga nafratini bildirib, ushbu jarayonda Qur’on kitobini yoqib yuborgan edi. Voqealar videoga tushirilib, internetga joylashtirilgan edi.
Izoh (0)