Afsonaviy “Yalla” guruhi rahbari va yakkaxoni Farrux Zokirov “Tasvir” gazetasiga bergan intervyusida Zokirovlar sulolasining yosh avlodiga munosabat bildirdi. Bu haqda “Darakchi.uz” xabar bermoqda.
“Zokirovlar sulolasining katta avlod vakillari bilan yosh avlod vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni judayam ahil deya olmayman. Mehr-oqibat bor, ammo bir-birini tushunish yo‘qdek... — tan oldi san’atkor. — Sevimli ukamning o‘g‘li Javohir Zokirovni olsak, u ajoyib aktyor, bugungi kunda ancha yutuqlarga erishdi. Ravshanning o‘g‘li Vagif — o‘z kasbining ustasi, ularning yutuqlaridan quvonaman, albatta. Ammo, menimcha, har bir avlodning o‘z an’analari bor. Balki dunyoqarashlarimiz boshqami, bilmadim... Mening yosh qarindoshlarimga aytadigan gapim bitta: ‘Nima bo‘lgan taqdirda ham Karim Zokiriyning nabirasi ekanligingizni unutmang!’. O‘zim esa kimning o‘g‘li, kimning ukasi ekanligimni hech qachon yoddan chiqarmayman, bu menga quvonchdan ham avval katta mas’uliyat yuklaydi”.
“Hamon yodimda, Botir akamga orkestrda ishlash niyatim borligini aytganimda, u kishi rozi bo‘lish o‘rniga, ‘Avval o‘qing, orkestr bilan kuylash uchun unga loyiq bo‘lish kerak’, degandi. — so‘zida davom etadi Farrux Zokirov. — Rahmatli Botir akamning qattiqqo‘lligidan ranjib, onamga shikoyat qilgan vaqtlarim bo‘lgan. Onam gaplashib ko‘rganlar, ammo akam unamagan. Akamning bergan maslahatiga amal qilib, kam bo‘lmadim, buni keyin tushundim, qadriga yetdim. Men mashhur san’atkorning farzandi, mashhur san’atkorning ukasi bo‘lganligim uchun osongina san’atga kirgan emasman, aksincha, buning zamirida qancha bilim, mehnat, izlanish, qolaversa, aytganimdek, ulkan mas’uliyat yotadi”.
Izoh (0)