Tailand janubida diniy ayirmachilarning bir qator hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana besh nafari yaralandi. Bu haqda Bangkok Post nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Pattani provinsiyasining xavfsizlik kuchlari blokpostida 5-iyul, seshanba kuni portlash sodir etilishi oqibatida ikki nafar politsiyachi jarohatlandi. Xabar qilinishicha, politsiya mashinasida qo‘lbola portlovchi qurilma yashiringan edi. Mashina provinsiyaning ma’muriy chegarasida joylashgan nazorat punkti oldiga joylashganida qurilma ishga tushdi.
Bundan tashqari, qo‘shni Yala provinsiyasida 4-iyul, dushanba kuni kechqurun mahalliy masjid va politsiya mahkamasi yaqinida portlash sodir bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, noma’lum kimsalar M-79 granatomyotidan o‘q uzgan. Natijada bir kishi halok bo‘ldi, yana uch nafari, shu jumladan, yosh bola ham yaralandi. Yana bir granata mahalliy uylardan birining tomida portladi, undan hech kim jabrlanmadi.
Qayd etilishicha, politsiya xodimlari bo‘lib o‘tgan hujumlar ortida hududda amal qilayotgan diniy ayirmachilar turganini gumon qilmoqda.
Izoh (0)