Rossiyalik juftlik — Svetlana va Yuriy Panteleyenkolar 300 kilogramm vaznli Stepan laqabli ayiq bilan birga yashab kelmoqda. Juftlik ayiqni 3 oyligida asrab olgan bo‘lib, shundan buyon ular birga yashab keladi, deb xabar beradi “Xoroshiye novosti pro jivotnix” sayti.
G‘aroyib oila qayinlar bilan o‘ralgan yog‘och uyda yashaydi; ular har kuni haqiqiy ayiq bilan birga choy ichadi.
Hozir Styopa 20 yoshga kirdi, uning vazni 300 kilogramm, orqa oyoqlarida turganida bo‘yi 220 santimetrga yetadi. Ayiq shu darajada qo‘lga o‘rgatilganki, kechki soatlarda Sveta va Yura bilan birga o‘tirib televizor ko‘radi. U hatto ro‘zg‘or ishlarida yordam beradi, masalan, gullarni sug‘oradi.
Katta ayiqning ishtahasi ham karnay bo‘lar ekan. Stepan kuniga 25 kilogramm baliq, tuxum va sabzavot yeydi. Desert o‘rnida quyultirilgan sutni bankalab iste’mol qiladi.
Ayiq o‘yin-kulguni yaxshi ko‘radi. U bilan koptok o‘ynash mumkin. Yuriy istalgan paytda uni yerga yotqizib olib, hazillashib kurashishi mumkin, ayiq unga zarar bermaydi.
Stepanning o‘z sayti ham bor. Saytda quyidagi so‘zlar yozilgan: “Yura va Sveta Styopaga ikkinchi ota-ona bo‘ldi. Ular ayiqni haqiqiy sirk artistiga va kinofilmlar yulduziga aylantirdi. Styopa — qoidadan istisno holat. Tabiatda bunday ayiqlar bo‘lmaydi. U aqlli, mehribon va nihoyatda chiroylidir. Unga yaqinlashib silash, yelkasida o‘tirish, panjasidan ushlash mumkin”.
Ayiq “Podsho”, “O‘lka”, “Voroninlar” singari ko‘plab filmlarda suratga tushgan. Bundan tashqari, u muntazam ravishda Yangi yil archalarida ishtirok etib keladi. Yaqindagina Stepan “Archalar–4” telefilmida epizodik rol ijro etdi.
O‘tgan yili ona, uning qizi va ayiq ishtirokidagi fotosessiya internetda katta shuhrat qozondi. Fotosuratlar muallifi Olga Baranseva uning ishlari butun dunyoga tarqalib ketishini kutmagan edi. Aslida u Stepan ishtirokida bir qancha fotosessiyalar yaratgan.
“Styopa — ajoyib aktyor, u darhaqiqat qo‘lga o‘rgatilgandir. Uning yoqimtoyligini qarang, undan qanday qilib qo‘rqish mumkin?”, — deydi Olganing fotoloyihalarida ishtirok etgan modellar.
Izoh (0)