Chelyabinsk viloyatida XIII–XIV asrlarda bunyod etilgan, Rossiyadagi yagona Amir Temur minorasiga boradigan yo‘nalish ishlab chiqildi. Noyob yodgorlikni allaqachon turistlarning ikki guruhi ko‘rib keldi, deb xabar beradi “TASS”.
“Amir Temur minorasi — mintaqaning dasht qismida joylashgan eng sirli yodgorliklardan. U XIII–XIV asrlarda qurilgan bo‘lib, ilk islomiy me’morchilik durdonasi hisoblanadi”, — deb obidaga ta’rif berdi agentlikning Chelyabinsk viloyati Varna tumani ma’muriyatidagi manbasi.
Aytilishicha, XIV asrda bu yerlardan Amir Temur o‘tgan. Kesene majmuasi deb atalgan majmua Chelyabinskdan 380 kilometr narida, Qozog‘iston chegarasida joylashgan. U 17 metrli g‘ishtin maqbara, bronza asriga oid olti qo‘rg‘on-tepalik, temir asri qo‘rg‘oni hamda kechki o‘rta asrlarga oid 150 ta qo‘rg‘onni o‘z ichiga oladi.
“Hozircha minora qanday vujudga kelgani ma’lum emas. XIX asr oxirida maqbaradan yosh ayolning qoldiqlari topilgan edi... Shundan so‘ng bu qoldiqlar Amir Temurning qizi — Kesenega tegishli ekanligi haqida afsona paydo bo‘ldi”, — qo‘shimcha qildi tuman ma’muriyati vakili.
Izoh (0)