Bugun, 3-iyun kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Olimpiya kuni” sport tadbiri tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati “Daryo” nashriga ma’lum qildi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 25 yildirki Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda, O‘zbekistonda “Olimpiya kuni”ni keng nishonlab kelyapti. Bu yilgi “Olimpiya kuni” sport tadbirida 1000 nafardan ziyod ishtirokchilar, shu jumladan, 40 nafar jurnalist qatnashdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hududida o‘tkazilgan musobaqalar 21 ta guruhda o‘tkazilib, 5 yosh va undan katta bo‘lgan ishtirokchilar turli masofalarga (50 metrdan 1609 metrgacha) yugurish bo‘yicha bahs yuritdi.
Bundan tashqari “Olimpiya kuni” ishtirokchilari sportning boks, taekvondo (WTF), dzyudo, velosport, stol tennisi, yengil atletika va kamondan otish turlari bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
“Olimpiya kuni”ning barcha ishtirokchilari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining maxsus sertifikatlari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)