Joriy yilning 7—18-sentabrida o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlariga o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 50 taga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Umidjon Ahmadjonov mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bugungi kunga kelib Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlariga 50 ta yo‘llanma naqd qilib qo‘yilgan. Lekin bu hali hammasi emas. Oldinda Paralimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaladigan bir qator musobaqalar mavjud va ishonch bilan ayta olamanki, o‘yinlarga qadar Braziliyaga yo‘l oladigan delegatsiyamiz tarkibi yanada kengayadi. E’tibor bering, Pekin shahrida (2008-yil, “Daryo” izohi) o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida ikki nafar sportchi bilan, Londonda bo‘lib o‘tgan (2012-yil, “Daryo” izohi ) Paralimpiya o‘yinlarida esa 10 nafar sportchi bilan ishtirok etdik. Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlariga esa hozircha 50 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi. Anglagan bo‘lsangiz, o‘yinlardan o‘yinlarga yo‘llanmalar soni 5 barobardan ortib boryapti”, – dedi Umidjon Ahmadjonov.
Ma’lumot o‘rnida, 30-may holatiga ko‘ra, 5—21-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan 11 ta sport federatsiyasining 14 ta sport turidan jami 52 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilgan. 52 ta Olimpiada yo‘llanmalari bo‘yicha 55 nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio—2016 Olimpiadasida ishtirok etadi. Sitora Hamidova (yengil atletika) va Ra’noxon Amanova (suzish) ikkitadan yo‘llanmaga ega. Baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda badiiy gimnastika sport turlarida o‘zbekistonlik sportchilar jamoaviy bahslarda qatnashadi.
Izoh (0)