O‘zbekistonlik tennischilar Sanjar Fayziyev va Temur Ismoilov Andijon shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 25 ming dollardan iborat tennis turnirining chorak finaliga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, turnirning oltinchi raketkasi sifatida tasniflangan Fayziyev ilk davrada qozog‘istonlik Timur Xabibulinni 6:4, 6:0, ikkinchi davrada hindistonlik Shahbaaz Xanni 6:3, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi. Bugun, 26-may kuni o‘zbekistonlik 21 yoshli tennischi 1/4 final doirasida Xitoy Taypeyi vakili, musobaqaning birinchi raketkasi Ti Chenga qarshi kortga chiqadi.
Mazkur turnirning ikkinchi raqamli tennischisi sifatida tasniflangan Temur Ismoilov birinchi davrada hamyurti Abror Isoqovni 6:2, 6:3, ikkinchi davrada rossiyalik Denis Matsukevichni 6:4, 2:6, 6:4 hisobida taslim qildi. Bugun, 26-may kuni Ismoilov yarim final yo‘llanmasi uchun bahsda indoneziyalik Kristofer Rungkatga qarshi kortga chiqadi.
Izoh (0)