Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashri yo‘lovchilarni reysdan tushirib qoldirishda ko‘rsatilgan eng g‘alati sabablarni aniqladi.
Ro‘yxatga Pensilvaniya universiteti professori Gvido Mensio bilan American Airlines layneri bortida bo‘lib o‘tgan voqea kirdi. Iqtisodiyotchi tenglamalarni yechayotganida uni Yaqin Sharqdan kelayotgan terrorchi deb o‘ylashdi. Mensio ustidan uning yonida o‘tirgan ayol shikoyat qildi, ammo pirovardida professor o‘z joyiga qaytishiga ruxsat berildi.
2011-yil dekabrida taniqli Hollivud aktyori Alek Bolduin telefonini o‘chirib qo‘yishdan bosh tortgani va ekipajga qo‘pollik qilgani uchun bortdan tushirildi. Bu voqea ham American Airlines laynerida sodir bo‘lgandi.
O‘sha yil sentabrida Greenday guruhi yakkaxoni Billi Jo Armstrong shimini ortiq darajada tushirib olgani uchun degan sabab bilan samolyot salonidan chiqarib yuborildi.
2011-yil martida Horizon Air yo‘lovchisidan oyog‘i ortiq darajada uzunligi bois bortni tark etish so‘raldi. Bort kuzatuvchilarining ta’kidlashicha, erkak o‘tish yo‘lini uzun oyoqlari bilan to‘sib qo‘ygan. Nima bo‘lganda ham, keyinchalik aviakompaniya yo‘lovchidan uzr so‘radi.
2013-yil mayida esa yana American Airlines aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchi ayollardan biri Uitni Xyustonning I Will Always Love You qo‘shig‘ini kuylashni to‘xtatishdan bosh tortgani bois rejalashtirilmagan qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘ldi.
American Airlines’ning yana bir yo‘lovchisi — dallaslik Kris Shelli o‘rindiq uchun ortiq darajada kattalik qilgani uchun tushirib yuborilgan edi.
2014-yil noyabrida US Airways reysidan “boshqaruvdan chiqib ketgan” cho‘chqa va uning xo‘jayini tushirib qoldirildi.
2015-yil avgustida bir ayol itini ko‘chma sumkaga solishdan bosh tortgani uchun United Express salonini tark etdi.
2016-yil aprelida musulmon ayol Hakima Abdul styuardessa uning oldida o‘zini “noqulay” his qilgani tufayli Southwest Airlines reysidan tushirib qoldirildi.
Izoh (0)