Xitoyning Recon Group xoldingi amerikalik tadbirkor Rendi Lernerga tegishli bo‘lgan Angliyaning “Aston Villa” futbol klubini xarid qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur kelishuv Angliya Premyer-ligasi va Chempionship tomonidan tasdiqlansa, Recon Group xoldingi raisi Toni Jiatong Sya rasman “Aston Villa” klubining rahbariga aylanadi. Kelishuvning moliyaviy shartlari haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
“Sports.ru” nashrining qayd etishicha, 54 yoshli Rendi Lerner Birmingem klubini 2006-yilda 62,2 million funtga sotib olgan. Endi u klubni 60 million funtga sotib yuborgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Recon Group raisi Toni Jiatong Sya Xitoy va Gonkongda beshta davlat kompaniyasining nazorat aksiyalariga ega. Shuningdek, xitoylik tadbirkor Xitoy fond birjalari va 75 davlatda 35 000 ishchisi bo‘lgan xususiy kompaniyalarga egalik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Aston Villa” jamoasi Angliya Premyer-ligasining 2015/16-yilgi mavsumi yakuniga ko‘ra, 38 turda 17 ochko jamg‘ardi va 1987-yildan buyon ilk marta elita bilan xayrlashdi. Jamoa keyingi mavsumni quyi divizion — Chempionshipda o‘tkazadi.
Izoh (0)