O‘zbekistonlik Oqgul Omonmurodova Xitoyning Chjenchjou shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 50 ming dollarni tashkil qiluvchi ITF turkumidagi tennis turnirining yakkalik bahslarini tark etgan bo‘lsa, juftliklar bahsida finalga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, yakkalik bahslari chorak finalida o‘zbekistonlik tennischi bolgariyalik Aleksandrina Naydenovaga qarshi kortga chiqdi. Ikki soatu 18 daqiqa davom etgan bellashuvda 4:6, 6:4, 6:2 hisobida qayd etilib, bolgariyalik tennischining foydasiga hal bo‘ldi.
Dastlabki davrada o‘zbekistonlik tennischi musobaqa mezboni, turnirning ikkinchi raketkasi Fangjou Liuni 6:2, 6:3, ikkinchi davrada tailandlik Nicha Lertpitaksinchayni 6:1, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Shuningdek, slovakiyalik Mikaela Honkova bilan tandem hosil qilgan Omonmurodova juftliklar bahsi finaliga chiqdi. Yarim finalda Omonmurodova/Honkova tandemi xitoylik Ying Chang va Sinyu Gao duetini 3:6, 6:3, 10:8 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahsda Omonmurodova/Honkova juftligi boshqa bir xitoylik duet – Siaodi Yu va Fang Ying Xunga qarshi kortga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Oqgul Omonmurodova juftliklar bahsi birinchi davrasida Yugi Sheng (Xitoy) va Ling Chjan (Gonkong) duetini 6:4, 6:7, 10:5, chorak finalda esa Syu Yu Ye (Xitoy) va Na Ri Kim (Janubiy Koreya) juftligini 6:2, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Izoh (0)