O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin Shveysariyaning Jeneva shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 556 195 yevroni tashkil qiluvchi Banque Eric Sturdza Geneva Open tennis turnirini jarohati tufayli tark etishga majbur bo‘ldi, deb xabar bemoqda beIN Sports.
ATP reytingida 64-pog‘onani egallab turgan Istomin kecha, 18-may kuni musobaqaning ikkinchi davrasida dunyoning 12-raketkasi, mazkur turnirda ikkinchi raqam ostida tasniflangan ispaniyalik David Ferrerga qarshi kortga chiqdi.
O‘zbekistonlik 29 yoshli tennischi dastlabki setni 6:3 hisobida o‘z foydasiga qilgan va ikkinchi setda 3:2 hisobida oldinda borayotgan edi. Biroq O‘zbekiston vakili jarohati sababli uchrashuvni davom ettira olmadi va musobaqani tark etishga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, ilk davrada Istomin saralash bahslari g‘oliblaridan biri germaniyalik Florian Mayerni 6:2, 6:3 hisobida mag‘lub etgandi.
Izoh (0)