Joriy yilning 12–15-may kunlari Chirchiq shahridagi olimpiya zaxiralari kollejida o‘smirlar va kadetlar o‘rtasida sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan Osiyo Ochiq Kubogi xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati.
O‘zbekistonlik dzyudochilar bilan bir qatorda mazkur turnirda Tojikiston, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari ham ishtirok etdi.
O‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda o‘zbekistonlik dzyudochilar jami 13 ta oltin, 11 ta kumush va 16 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Rossiya terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 bronza medali bilan ikkinchi, Qozog‘iston termasi bitta oltin medal bilan uchinchi o‘rindan joy oldi. 3 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan tojikistonlik sportchilar to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Kadetlar o‘rtasidagi bahslarda ham O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi – 12 ta oltin, 10 ta kumush va 15 ta bronza. Keyingi o‘rinlardan Tojikiston (3-1-2), Qozog‘iston (0-2-1), Rossiya (0-1-1) va Qirg‘iziston (0-0-1) termalari joy oldi.
Izoh (0)