“Barselona” klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Saudiya Arabistoniga tegishli Misrning MBC telekanaliga bergan intervyusi davomida o‘z butsalarini kimoshdi savdosiga qo‘yib, undan yig‘ilgan barcha mablag‘ni xayriya qilishni taklif qildi. Messining ushbu taklifini bir qator misrliklar haqorat sifatida qabul qildi, deb xabar beradi Marca.
“Yetti ming yillik sivilizatsiyamiz davomida biz hech qachon bunday haqoratlanmagan edik. Men o‘z oyoq kiyimim bilan seni ta’ziringni beraman, Messi. Mana mening oyoq kiyimim, uni Argentinaga xayriya qilaman”, – deydi Misr parlamenti a’zosi Said Hasasin mahalliy televideniya efirlardan birida.
Misr futbol assotsiatsiyasi a’zosi Azmi Megahed ham Messining ishidan norozilik bildirdi.
“Bizning nochor odamlarga Messi kerak emas. Uning butsalari o‘zi uchun xizmat qiladi. U ushbu ishorasi bilan bizni kamsitmoqchi bo‘ldi. Yaxshisi, u butsalarini o‘zining boshiga kiyib olsin yoki muxlislarining boshiga kiydirsin. Bizga uning butsalari kerak emas, shuningdek, uning xayriyasi yahudiy yoki Isroil xalqiga ham kerak emas. Butsalaringni o‘z xalqinga ber, Argentinada kambag‘allar ko‘p”, – deydi Azmi Megahed.
Misrliklar orasida argentinalik futbolchining xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganlar ham bo‘ldi. Jumladan, futbol bo‘yicha Misr terma jamoasi hamda “Selta” va “Tottenxem” klublari sobiq hujumchisi Mido Messining taklifiga quyidagicha izoh berdi.
“Yozuvchining eng qimmatbaho ashyosi – qalam, futbolchining eng qimmatbaho narsasi esa butsa hisoblanadi”, – deya yozadi Mido o‘zining Twitter’dagi sahifasida.
MBC telekanali jurnalisti, Messi bilan intervyu olib borgan Mona El-Sharkavi ham argentinalik hujumchining yonini oldi.
“Ko‘rsatuvimiz an’anasiga ko‘ra, har bir mehmondan sovg‘a tariqasida bir nima olib, uni kimoshdi savdosiga qo‘yamiz. Undan yig‘ilgan mablag‘ esa xayriyaga yo‘naltiriladi. Men odamlarning ushbu xabarga munosabatidan hayron qoldim. Biz xayriya mablag‘ini aynan Misrda yoki boshqa bir joyda ishlatamiz, deb aytmagan edik”, – deya tushuntirdi Mona El-Sharkavi.
Izoh (0)