Kecha, 24-mart kuni Tunis Respublikasi poytaxti Tunis shahrida paralimpiyachilar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir start oldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy paralimpiya uyushmasi “Daryo” nashriga xabar berdi.
Mazkur musobaqada 21 davlatdan 300 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda.
Nufuzli musobaqaning dastlabki kunida uch nafar o‘zbekistonlik sportchi 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, yadro uloqtirish bahslarining F12 (zaif ko‘ruvchilar) klassida 12,83 metr natijani qayd etgan Sofiya Burxanova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Dilafruz Axmatxanova F35 (umurtqa pog‘onasi shikastlanganlar) klassida 7,88 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, nayza otish bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Aleksandr Svechnikov 57,02 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning navbatdagi kunida o‘zbekistonlik sportchilar 1500 metr masofaga yugurish va uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etadi.
Izoh (0)