Germaniyaning Mobile e’lonlar saytida Lamborghini Veneno superkari sotuvga qo‘yildi. Ushbu model uch adadda chiqarilgan. “2” seriya raqami ostidagi kupe 9,980 million yevroga baholandi, deb xabar beradi Motor.
Superkarni Yaponiyaning Reckless Co. Ltd. dilerlik markazi sotuvga qo‘ygan. Markaz vakillari mashinani dunyoning istalgan nuqtasiga yetkazishga hozirligini bildirgan.
Mashina 840 kilometr yo‘l yurgan.
Lamborghini Veneno 12 silindrli, 6,5 litr hajmli, 750 ot kuchiga ega, yetti diapazonli robotlashtirilgan o‘tkazmalar qutisi bilan harakatga keltiriladigan dvigatelda ishlaydi. Kupe 100 km/soat tezlikka 2,8 sekundda chiqa oladi. Maksimal tezligi — 355 km/soat.
Superkar 2013-yili Lamborghini’ning 50 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarilgan edi. Model 1914-yilda ispan korridasida mashhur bo‘lgan eng tezkor, kuchli va agressiv ho‘kizning sharafiga Veneno nomini olgan.
Keyinchalik Veneno’ning “rodster” kuzoviga ega ko‘rinishi chiqarildi. AQShning Edmunds nashri modelni “Italiyada fashizmdan keyingi eng yomon voqea” deb atadi.
Superkar chiqarilgan yili uning narxi 3 million yevroni tashkil qilgan edi.
Kupening qolgan ikki nusxasi ayni kunlarda AQShdadir.
Izoh (0)