“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni xorij bozorlarida targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
“Jahonning sakkiz mamlakatiga, xususan, JAR, Misr, Gabon, Angola, Kot-d’Ivuar, Kabo-Verde, Madagaskar va Ganaga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar sinov tariqasida yetkazib berildi”, — deyiladi kompaniya axborotida.
Avtomobillar aynan qachon va qancha miqdorda yetkazib berilganiga kompaniya axborotida aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, yetkazib berilgan avtomobillarning rusumi ham ma’lum qilinmagan.
Avvalroq, 2015-yili Dubayda Yaqin Sharq va Afrika bozori vakillari uchun O‘zbekiston avtomobillari taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)