AQShning Lockheed Martin korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan beshinchi avlodga mansub F-35 rusumli qiruvchi-bombardimon samolyoti 5-fevral, juma kuni o‘zining ilk transatlantik parvozini bajardi. Bu haqda “TASS” xabar qilmoqda.
Samolyot Italiyaning shimolidagi Novara shahri yaqinida joylashgan Kameri bazasidan parvoz qilib, Azor arxipelagiga qarashli Terseyra orolidagi Portugaliyaning Lajes bazasiga kelib qo‘ndi. Shundan so‘ng, samolyot parvozini davom etdi va yetti soat davomida Atlantika okeanidan uchib o‘tib, AQShning Merilend shtatidagi Harbiy-dengiz kuchlarining Petaksent-River bazasiga yetib keldi.
Ma’lum qilinishicha, Italiyaga tegishli bo‘lgan harbiy samolyotni shu mamlakatning Harbiy-havo kuchlari mayori Janmarko boshqardi.
F-35A rusumli samolyotiga ikkita C-130 rusumli harbiy transport samolyoti, Eurofighter Typhoon qiruvchisi va Italiyaning ikkita parvozda yoqilg‘i quyish samolyoti hamroh bo‘ldi. Italiyadan Azorgacha uyushtirilgan parvozda samolyotga uch marotaba yoqilg‘i quyilgan bo‘lsa, Lajes bazasidan AQShgacha yana to‘rt marotaba yoqilg‘i quyishga to‘g‘ri keldi.
Eslatib o‘tamiz, Pentagon F-35 qiruvchi samolyotining 25 millimetrli to‘pidan jangovar aslahalardan foydalangan holda o‘q otilishini birinchi bor namoyish etgan edi.
Izoh (0)