Toshkentning “Lokomotiv” jamoasining ikki nafar futbolchisi — darvozabon Rustam Nartajiyev va himoyachi Sergey Proxorov malaka oshirish maqsadida uch oyga Angliyaning “Flitvud Taun” klubiga yo‘l olgan, deb xabar qiladi “Sports.uz”.
Hozirda ushbu yosh iste’dod egalari ingliz futboli sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Yaqinda o‘zbekistonlik futbolchilar “Flitvud Taun” klubi tarkibida debyut uchrashuvini o‘tkazgandi. “Flitvud” o‘z uyida “Karlayl Yunayted”ga qarshi bahs olib borgan bahsda “Lokomotiv” tarbiyalanuvchilari ilk bor maydonga tushirilgandi.
Kecha, 21-noyabr kuni yosh futbolchilar mashhur murabbiy Brendan Rojers bilan uchrashdi. Ular tajribali murabbiydan o‘z kelajak faoliyatida as qotadigan tavsiya va maslahatlarni oldi. So‘ng Rojers Nartajiyev va Proxorov hamrohligida Angliya 1-divizioni uchrashuvlari doirasidagi “Flitvud Taun” – “Suindon Taun” uchrashuvini kuzatdi. Mazkur matchda “Flitvud” yirik 5:1 hisobida g‘alabaga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyining boshida Brendan Rojers “Liverpul” bosh murabbiyligidan ozod etilgandi.
Izoh (0)