1978-yilning 11-dekabrida AQSh tarixidagi eng yirik talonchiliklardan biri sodir etilgan edi. Niqobli kishilar Jon Kennedi aeroportidan besh million dollar miqdoridagi naqd pul va yana millionlik qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab ketgan edi. Ushbu ish yuzasidan birinchi va yagona gumondor 35 yildan so‘ng qo‘lga olindi, deb xabar beradi Meduza.
Azaliy gangster hamda Gambino va Bonanno oilalari bilan aloqador obro‘li mafiozi, 78 yoshli Vinsent Azaro 2014-yilning yanvarida Nyu-Yorkda qo‘lga olingan edi. Azaro uning amakivachchasi Gaspare Valentining ko‘rsatmasiga asosan hibsga olingan edi. Valenti 2008-yildan boshlab FQB bilan hamkorlik qila boshlagan va 2010—2013-yillardagi Azaro bilan so‘zlashuvlarni tasmaga yozib olgan.
Gaspare Valenti tergovga Lufthansa terminalidagi talonchilik mashhur gangster Jimmi Berk tomonidan Vinsent Azaro bilan hamkorlikda rejalashtirilganligini ma’lum qildi. Valenti Azaroni boshqa bir qator jinoyatlarda ham aybladi. Ushbu ishni sudda ko‘rib chiqish uchun boshqa guvohlar – nafaqadagi detektivlar va FQB agentlari, 70-yillarda mafiyani kuzatish davomida to‘plangan suratlar ham jalb etildi. Biroq Azaroni 1978-yildagi jinoyat bilan bog‘lovchi yagona dalil Valentining ko‘rsatmasi bo‘ldi.
Azaroning advokati Gaspare Valentini ishonchli guvoh deb hisoblab bo‘lmasligini, u nafaqat jinoyatchi, balki “tajribali yolg‘onchi” ekanligi, pul va shaxsiy qasos uchun FQB bilan hamkorlik qilganligini ta’kidladi.
Azaroning ishi bo‘yicha sud jarayoni bor-yo‘g‘i uch hafta davom etdi. U barcha bandlar bo‘yicha aybsiz deb topildi.
Vinsent Azaro jarayonning bu tarzda yakunlanishidan mamnun bo‘ldi. Sud binosidan chiqib, uni olib ketish uchun kelgan oq mersedesga o‘tirayotib, u jurnalistlarga: “Kinolarda ko‘rsatayotgan hamma narsaga ham ishonavermang va hech kimga mashinangiz yuk xonasidan jasad topib olishiga imkon bermang”, — deb ta’kidladi.
Izoh (0)