2015-yil 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

Farmonga muvofiq, Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida 2015-yilning 1-sentabridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 baravar oshiriladi.

Unga ko‘ra, 2015-yilning 1-sentabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

  • ish haqi — oyiga 130 240 so‘m;
  • yoshga doir pensiyalar — oyiga 254 730 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 254 730 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 156 310 so‘m miqdorida belgilandi.

Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar respublika Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.