Qoraqalpog‘istonliklar uchun “Madaniy faoliyatni keng yoritishda ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlari” mavzuida trening bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkentdagi Gyote-instituti vakillari “Daryo”ga ma’lum qildi.
Gyote-institutining Toshkentdagi vakolatxonasi hamda OXUS Culture tashkiloti tomonidan madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hududi madaniyati va san’ati, tarixiy obidalari, nomoddiy va moddiy-madaniy yodgorliklari to‘g‘risida ma’lumotlar berish, madaniy mahsulotlarni keng tarqatish, xalqaro va hududlararo madaniy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadlariga qaratilgan seminar-trening o‘z ishini yakunladi.
Trening Gyote-institutining Toshkentdagi vakolatxonasi binosida 3—5-iyul kunlari bo‘lib o‘tdi. Seminar-treningda ishtirok etish uchun kelib tushgan arizalar ichidan 10 ta ishtirokchi tanlab olingan bo‘lib, ular qoraqalpog‘istonlik turli davlat madaniyat va san’at muassasalari xodimlari, hunarmandlar, ko‘ngillilar va OTM talabalari, madaniyat va san’at sohasi menejerlaridir. Ijtimoiy tarmoqlar marketingi (SMM) mutaxassislari ishtirokchilarga ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish, sahifalarni yuritish, turli ijtimoiy tarmoqlarning texnik imkoniyatlari, qoidalari, mazmun va mohiyati to‘g‘risida ma’lumot berish bilan birgalikda, ulardan foydalanishning amaliy asoslari haqida nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar olib bordi.
Mashg‘ulotlar natijasida “Qoraqalpoq an’anaviy va estrada qo‘shiqchiligi”, “Qoraqalpoq hunarmandchiligi”, “I.V.Savitskiy nomidagi muzeyning suvenirlari”, “Zamonaviy Nukus”, “Gulzar folklor ansambli”, “Qoraqalpog‘iston tasviriy san’ati”, “Qadimgi qoraqalpoq xalqi zargarlik san’ati”, “Mo‘ynoqqa xush kelibsiz” va “Berdaq nomidagi teatr” sahifalari Facebook, Instagram va Twitter tarmoqlarida o‘z ishlarini boshladi. Bu sahifalardan kerakli ma’lumotlarni olish va aloqa o‘rnatish imkoniyati yaratildi.
Ushbu loyiha “Davlat madaniyat muassasalari xodimlari uchun menejment” seminar-treningi davomi sanalib, respublikaning barcha hududlari mutaxassislari uchun o‘tkazish rejalashtirilgan. Seminar yakunida loyiha homiysi Ucell mobil operatori tomonidan bir yillik belgilangan trafikka ega bepul internet aloqa USB-modem va sertifikatlar taqdim etiladi.