Tailandning Pattaya shahrida maktab o‘quvchilari o‘rasidagi jahon chempionati yakunlandi, deb xabar bermoqda “Olamsport”. Ushbu musobaqada besh nafar yosh shaxmatchilarimiz ham o‘z imkoniyatlarini siovdan o‘tkazdi.
7 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida ishtirok etgan Akobirxon Saydaliyev blits bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Klassik musobaqada u 9 imkoniyatdan 5,5 ochko jamg‘ardi. Abdulbosit Sharifjonov esa 5 ochko bilan yakunda 14-o‘rinni egalladi.
Islombek Sindarovga sovrinli o‘rinlardan birini egallash uchun ozgina omad yetishmadi. Islombek 6,5 ochko bilan kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan gonkonglik sportchi hisobida ham aynan 6,5 ochko bor edi. 9 yoshli shaxmatchilar bahsida qatnashgan Islombek so‘nggi turda ushbu yoshda jahon chempioni bo‘lgan rossiyalik Ilya Makoveyev bilan durang o‘ynadi.
11 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchila bahsida qatnashgan jahon chempioni Javohir Sindarov blits yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Bu safar u 9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘ardi va yakunda 9-o‘rinni band etdi. 13 yoshlilar musobaqasida ishtirok etgan Suhrobjon Avvalboyev 9 imkoniyatdan 5 ochko to‘pladi.
Jahon chempionati yakunida Xitoy terma jamoasi 5 ta oltin, shuncha kumush, 4 ta bronza, jami 14 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ozarbayjon terma jamoasi 4 ta oltin medalga sazovor bo‘ldi va ular umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘lishdi. Kuchli uchlikka 3 ta oltin, 6 ta kumush, bitta bronza medali bilan Filippin terma jamoasi yakun yasadi. O‘zbekiston, Rossiya, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Indoneziya, Gonkong terma jamoalari hisobida bittadan oltin va bronza medali bor.
Izoh (0)