Toshkentda davom etayotgan tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirning asosiy to‘r bahslarida chorak final ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Tashkent ITF Juniors turnirida O‘zbekistonning iste’dodli tennischilaridan tashqari Rossiya, Hindiston, Belgiya, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Polsha, AQSh, Belarus kabi davlatlardan ham yosh raketka ustalari g‘oliblik uchun kortga chiqishyapti.
Musobaqaning birinchi raketkasi sifatida o‘zbekistonlik Jo‘rabek Karimov qayd etilgan bo‘lib, kecha u ikkinchi davrada hindistonlik Rayyan Randolini 6:3, 7:5 hisobida taslim etdi. Jo‘rabekning chorak finaldagi raqibi yana bir hamyurtimiz Humoyun Sultonov bo‘ladi. Humoyun ikkinchi bosqichda belaruslik Ulajimir Dorashni 6:4, 6:7(4), 6:2 hisobida taslim etdi.
Musobaqada sakkizinchi raqam ostida tasniflangan Saida’lo Saidkarimov turkiyalik raqibi Ergi Kirkinni 6:4, 6:3 hisobida yengdi. Yana bir tennischimiz Sharobiddin Abzalov esa jamoadoshi Amal Sultonbekovdan ikki setda ham bir xil 6:3 hisobida ustun keldi.
Izoh (0)