16-mart kuni mahalliy vaqt bilan 10:45 da, “Jassim bin Xamad” stadionidagi matbuot markazida “Lokomotiv” va “Al-Sadd” jamoalari o‘rtasida o‘yinoldi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Reglamentga ko‘ra, jurnalistlar oldiga birinchi bo‘lib mezbon jamoa vakillari chiqdi, deb xabar beradi “Lokomotiv” klubining rasmiy sayti.
Bosh murabbiy Vadim Abramov o‘z oldiga Jasur Xasanovni (katta) taklif etdi.
“‘Al-Sadd’ kuchli jamoa va ayni damda guruhimiz yetakchisi. Shunday bo‘lsa-da, biz bor imkoniyatimizni yo‘lga solib, g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Guruhdan chiqishimiz uchun va musobaqani davom ettirish uchun boshqa ilojimiz yo‘q. Ertaga (ya’ni, bugun – “Daryo”) hammasini vaqt ko‘rsatadi, kim qanday tayyorgarlik ko‘rganini 90 daqiqa davomida maydonda tomosha qilamiz, ortiqcha tavsifga hojat bo‘lmasa kerak”, – dedi Abramov jurnalistlar savoliga javob berar ekan.
Doha televideniyesi vakili Jasur Xasanovga yuzlanib, “Qatarga yana bir bor xush kelibsiz, bu yer sizga begona emas, ‘Al-Sadd’ borasida jamoadoshlaringiz bilan o‘rtoqlashdingizmi”, –deya savol berdi.
“Qatarda ikki jamoada to‘p surganman, ‘Lahviya’ va ‘Qatar Sport’ klublarida, chempionat doirasida ‘Al-Sadd’ga qarshi bir necha bor maydonga tushganman. Kuchli jamoa, ayniqsa, yarim himoya chizig‘i, shunday bo‘lsa-da ‘Sadd’ga qarshi o‘yinga tushganimda jamoam faqat g‘alaba qozongan. O‘ylaymanki, ertaga ham aynan shunday bo‘ladi”, – deya javob qaytardi Jasur Xasanov.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 17-mart kuni Toshkent vaqti bilan 20:45 da, Osiyo Chempionlar Ligasi doirasidagi 3-tur, “C” guruhidan o‘rin olgan uchrashuvda Qatarning “Al-Sadd” jamoasi Toshkentning “Lokomotiv” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Izoh (0)