Venesuela prezidenti Nikolas Maduro shaxsan AQSh prezidenti Barak Obamani uning hukumatini ag‘darishga urinishda va Lotin Amerikasi mamlakatlarining ichki ishlariga aralashishda aybladi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: ria.ru

Foto: ria.ru

“Obama shaxsan o‘zi mening hukumatimni ag‘darish va Venesuelaning ichki ishlariga aralashishga qaror qildi”, − dedi Maduro. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Lotin Amerikasini o‘zining “orqa hovlisi” deb hisoblaydi va Venesueladan boshlab ushbu mintaqaning barcha mamlakatlarini nazorat qilishni istaydi.

Maduroning ushbu bayonoti AQSh tomonidan Venesuelaning qator mansabdorlariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishiga javoban berilgan. Yangi cheklovlar Venesuelaning huquqni muhofaza qiluvchi organlari, armiya va razvedka xodimlariga nisbatan joriy qilingan. Shuningdek, Venesueladagi vaziyat AQSh uchun tahdid tug‘dirishi xavotiridan ushbu mamlakatga nisbatan favqulodda holat joriy etilgan.