Ertaga, 11-mart kuni Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir start oladi. Bugun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan turnir ishtirokchilari Toshkentga yetib keladi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Bu yil o‘z tarixida 9-marotaba o‘tkaziladigan musobaqada armanistonlik Tigran Petrosyan, rossiyaliklar Vladislav Artemiyev, Sergey Volkov, ozarbayjonlik Eltaj Safarli, belaruslik Aleksey Aleksandrov, fransiyalik Vladislav Tkachev kabi reytingi 2600 dan yuqori bo‘lgan xalqaro grossmeysterlar ishtirok etadi.
O‘zbekiston sharafini Marat Jumayev, Aleksey Barsov, Vladimir Yelgin kabi tajribali, Ulug‘bek Tillayev, Jo‘rabek Hamroqulov, Timur Igonin, Shamsiddin Vohidov singari iste’dodli yosh shaxmatchilar himoya qiladi.
Jami 76 nafar shaxmatchi qatnashadigan xalqaro xotira turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 20 ming AQSh dollarini tashkil etadi. G‘olib shaxmatchi 4 ming dollarga ega bo‘ladi. Kuchli uchlikdan joy olgan shaxmatchilarga mos ravishda 3 va 2 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.
Izoh (0)