25-fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida davriy bosma ommaviy axborot vositalarini tarqatishni tashkil qilish bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Aloqa va axborotlashtirish davlat qo‘mitasining axborot xizmatiga tayanib, “Uz24.uz” xabar bermoqda.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ hamda “Matbuot tarqatuvchi” AK bosh direktorlari o‘z ma’ruzalarida davriy nashrlarni tarqatishni tashkil qilishning asosiy tamoyillari, yetkazib berish tariflarini shakllantirish, obuna xizmatlari uchun qo‘yiladigan narxlar yuzasidan ma’lumot berib, matbaa mahsulotlarini yetkazib berishda yuzaga kelayotgan muammolarning sabablarini, xususan, gazeta va jurnallarning o‘quvchilar qo‘liga kechikib borishida salbiy oqibatlarga olib kelgan omillarni ta’kidladi.
Yig‘ilishda mazkur ikki tashkilot rahbariyatiga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklatildi:
- “O‘zbekiston pochtasi” AJ hamda “Matbuot tarqatuvchi” AKning xodimlari malakasini muntazam ravishda oshirish choralarini ko‘rish;
- “O‘zbekiston pochtasi” AJ hamda “Matbuot tarqatuvchi” AK, shuningdek, tahririyatlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni qonunchilikda ko‘zda tutilgan shartnoma munosabatlariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish;
- davriy nashrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash yuzasidan marketing yuritish va monitoring qilish;
- aholi orasida obuna kampaniyalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, davriy nashrlarni yetkazib berishdagi kamchiliklar yuzasidan iste’molchilar shikoyatlariga tezkor munosabat bildiradigan xizmat tashkil qilish;
- davriy nashrlarni o‘z vaqtida yetkazilishini nazorat qilishni takomillashtirish.
Izoh (0)